Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi

Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi

28 fevral 2025

Sud tizimining rivojlanishi va ochiqligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar yana bir muhim qadam bilan davom etmoqda – Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Bu markaz sud ishlarini yanada shaffof va tezkor qilish, sud tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish va sud jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish vazifalarini bajaradi.

Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan (https://president.uz/uz/lists/view/7911) bu tashabbus, albatta, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yengillik yaratadi.

So‘nggi yillarda sud tizimi raqamlashtirish yo‘lida sezilarli o‘zgarishlarga erishdi. My.sud.uz portali orqali millionlab sud hujjatlari elektron shaklda yuritilmoqda, sudga ariza berish, hujjatlarni kuzatish va elektron nusxa olish kabi qulayliklar joriy etildi.

Endi esa, sudlarning ichki hujjat almashinuvi to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi natijasida davlat byudjetidan katta miqdorda mablag‘ tejab qolindi.

Yangi tashkil etilayotgan IT-markaz bu jarayonlarni yanada takomillashtirib, sud ishlarini yuritish jarayonini tez, aniq va samarali qiladi.

Mazkur markaz tadbirkorlik sub’yektlari va sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish tizimini rivojlantiradi, huquqiy yordam bo‘yicha virtual maslahatchilarni joriy etishga xizmat qiladi. Sudga oid hujjatlar va jarayonlarning avtomatlashtirilishi sudyalarga yukni kamaytirib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun vaqtni tejash imkonini beradi. Ayniqsa, sud muhokamasining taxminiy natijasini oldindan bilish, jarimalarni onlayn kuzatish va to‘lash kabi qulayliklar aholiga katta yengillik yaratadi.

Sud tizimini raqamlashtirishning kengayishi adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz. Oliy sudning qonunchilik tashabbuslari orqali iqtisodiy, huquqiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi, eng dolzarb masalalarga yechim topish imkonini beradi. Bu jarayon sud tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirib, aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр