“ICTWEEK Uzbekistan - 2023” haftaligi dasturi taqdim etildi

“ICTWEEK Uzbekistan - 2023” haftaligi dasturi taqdim etildi

04 oktyabr 2023

Joriy yilning 24–27oktyabr kunlari yilning asosiy tadbirlaridan biri – “ICTWEEK Uzbekistan - 2023” – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi bo‘lib o‘tadi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, axborot xavfsizligi va dasturiy ta’minot bozorini rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish, O‘zbekistonni axborot texnologiyalari sohasidagi mintaqaviy markaz – IT-xabga aylantirish, O‘zbekistonning IT xizmatlar eksportini oshirish, respublikada raqamli iqtisodiyot va “Raqamli hukumat” tizimi erishgan yutuqlar, imkoniyat va imtiyozlarni namoyish etish, amaliy natijalar, rivojlanish tendensiyalarini muhokama qilish maqsadida O‘rta Osiyoning eng yirik axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi “ICTWEEK Uzbekistan - 2023”ni o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbir Toshkent shahrining 3 ta asosiy manzilida bo‘lib o‘tishi belgilangan. Bular:

·         “CAEx (Central Asian Expo Uzbekistan)” ko‘p funksiyali ko‘rgazma markazi;

·         Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-Park Uzbekistan majmuasi;

·         Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi.

Mazkur tadbirda bir qator yirik xorijiy va mahalliy kompaniyalar o‘zlarining yangi texnologik yechimlarini taqdim etishi kutilmoqda.

Haftalik doirasida:

➢ Yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda yangi imkoniyatlarni namoyish etishga qaratilgan Start-ap Sammiti;

➢ “ICT Expo Uzbekistan-2023” ko‘rgazmasining ochilish marosimi;

➢ IT sohasida ayollar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirishga bag‘ishlangan “Empowering Women in IT: Leading the Digital Revolution” (Ayollarning IT sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish: raqamli inqilobga rahbarlik qilish) Sammiti;

➢ O‘zbekistonning raqamli kelajagini o‘zgartirish bo‘yicha O‘zbekistonda autsorsing-BPO forumi;

➢ IT Ta’lim Forumi;

➢Central Asian “IPv6 Enhanced” Sammiti;

➢ Jahon Bankining “O‘zbekistonda elektron tijorat bozorida qanday muvaffaqiyatga erishish mumkin?” mavzusidagi Forumi;

➢ Sun’iy intellektning kelajagi va global hayotga integratsiyalashuvi mavzusidagi sammit;

➢ O‘zbekistonning IT sektorida investitsiyalar va davlat-xususiy sherikligi uchun yaratilgan imkoniyatlar va shu kabi boshqa yirik forumlar bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Jami 5000 kv.m maydonda tashkil etilayotgan “ICT Expo - 2023” ko‘rgazmasida jami 100 dan ziyod xorijiy va mahalliy IT kompaniyalar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, 100 ga yaqin yirik xorijiy kompaniyalar: – Plug and Play, Nokia, ZTE, Huawei, Innotech, Yandex va IT Park rezidentlari, hamda axborot texnologiyalari sohasidagi mahalliy yirik kompaniyalar – Uzbektelecom, UZINFOCOM, UNICON kompaniyalarining yangi innovatsion dasturiy mahsulotlarining taqdimotlari bo‘lib o‘tadi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр