Ko'p beriladigan savollar

O‘zbekiston Respublikasining “Raqamli hukumat to‘g‘risida” qonuniga muvofiq, Raqamli hukumat - bu jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlab axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik bilan foydalangan holda davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimidir.

Raqamli hukumatning asosiy printsiplari quyidagilardir: - davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi; - elektron davlat xizmatlaridan ariza beruvchilarning teng ravishda foydalanishi; - “bir darcha” printsipi bo‘yicha elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish; - davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish; - Raqamli hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish; - elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish; - axborot xavfsizligini ta’minlash.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Raqamli hukumat sohasida hamda davlat boshqaruvida axborot tizimlarini joriy etishda vakolatli organ hisoblanadi, ushbu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’uldir.

Birlashgan millatlar tashkilotining Raqamli hukumatni rivojlantirish indeksi (The UN Global E-Government Development Index) davlat organlarining fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda tayyorligi va imkoniyatlarini baholaydigan kompleks ko‘rsatkichdir. Har ikki yilda bir marta tayyorlanadi. Tadqiqot turli mamlakatlarda Raqamli hukumatni rivojlantirish darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, davlat idoralari tomonidan AKTdan foydalanish tendentsiyalarini tizimli baholaydi. Ushbu tadqiqot bilan qamrab olingan barcha mamlakatlar reytingning quyidagi uchta asosiy tarkibiy qismlari bo‘yicha hisoblangan indekslari asosida o‘rin egallaydi: Internet xizmatlarining qamrovi va sifati; AKT infratuzilmasining rivojlanish darajasi; Inson kapitali.

Raqamli hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingida O‘zbekiston yuqori ko‘rsatkichlarga ega guruhga kiritilgan. BMT ekspertlarning baholashlariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonning Raqamli hukumatni rivojlantirish indeksi 0,62 ni tashkil etgan (maksimal ko‘rsatkich 1) va 81-o‘rinni egallagan, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 0,54 dan biroz oshiqroq bo‘lgan. Ya’ni, 8 ballga sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.

Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр