Mamlakatimizda raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

28 dekabr 2023

Bugun, 28-dekabr kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimizda raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda madaniyat va san’at, ma’naviyat sohasi vakillarining ko‘zga ko‘ringan namoyandalari, taniqli shoir va yozuvchilar hamda boshqa ijodkorlar ishtirok etdi.

Ushbu taqdimot marosimi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalar, jumladan, jamiyatning barcha soha vakillarini, xususan, ma’naviyat va madaniyat faollari, adabiyot va san’at namoyandalarini yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, raqamlashtirish sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, erishilayotgan yutuqlar, shuningdek, kelgusi yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbir davomida “O‘zbekiston – Markaziy Osiyo IT-xabi” videotaqdimoti, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida raqamlashtirish yo‘nalishidagi maqsadlar, raqamli hukumat ekotizimi hamda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi, “My.gov.uz” Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, raqamli ta’lim yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi istiqbolli loyihalar, IT-xizmatlar eksporti va eksportyor kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan sharoitlar kabi mavzularda taqdimotlar o‘tkazildi.

Ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bugungi kunda mamlakatimizda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilayotganini, joriy yilning o‘zida ta’lim, bank, moliya, bojxona, qishloq xo‘jaligi, geologiya, kadastr kabi sohalarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilganligini ta’kidlandi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov madaniyat va san’at, ma’naviyat sohasi vakillari, shoir va yozuvchilarning respublikamizda raqamlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishishlari ularni mana shu yo‘nalishda ham ijod qilishga, sohani yanada chuqurroq o‘rganishga hamda o‘z faoliyatlari davomida kengroq targ‘ib qilishga undashi, bir so‘z bilan aytganda, ularga o‘ziga xos ilhom bag‘ishlashini qayd etdi.

Taqdimot marosimida ishtirokchilar raqamlashtirish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bilan birga, ushbu yo‘nalishda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar ham olishdi.

Shu bilan birga, mehmonlar “UZINFOCOM” yagona integrator MCHJda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqin tanishtirildi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр