O‘zbekiston — Ozarbayjon: raqamlashtirish sohasidagi aloqalar kuchaytiriladi

O‘zbekiston — Ozarbayjon: raqamlashtirish sohasidagi aloqalar kuchaytiriladi

04 dekabr 2023

Ozarbayjonda tashkil etilgan «InMerge» innovatsion sammitida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.

Kelishuv

Sammiti doirada vazirlik delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasi Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashad Nabiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida AKT sohasida hamkorlik aloqalari holati va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida elektron hukumat, telekommunikatsiya, kosmos, elektron hujjat almashinuvi va raqamlashtirish orqali savdo aloqalarini yanada jadallashtirishga kelishib olindi.

Shu maqsadda ikki Vazirlik mutasaddi vakillari o‘rtasida ishchi guruh tuzildi va ishchi guruhga chuqur tahlillar asosida Vazirliklar o‘rtasida Yo‘l xaritasini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilandi.

Taqdimot

Tashrif doirasida Ozarbayjon prezidenti huzuridagi Ijtimoiy xizmatlar va innovatsiyalar agentligi (ASAN xizmati) raisi Ulvi Mehdiyev bilan uchrashuv tashkil etildi.

Shuningdek, Ozarbayjonda yagona darcha tamoyili asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Davlat xizmati markazida tashkil etilgan yoshlarning ta’lim olish va coworking markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Sammit

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjonda «InMerge» innovatsion sammitining ochilish marosimida hamda «Innovatsiyalar ekotizlarini bog‘lash: o‘sish uchun mintaqaviy hamkorlik» mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida Ozarbayjon Respublikasi rasmiy vakillari mamlakatda raqamlashtirish, innovatsiyalar va zamonaviy texnologiyalarning rivojlanish holati va istiqbollari bo‘yicha ma’lumot berishdi, shuningdek, Apple kompaniyasi (AQSh) hamasoschisi Stiv Voznyak chiqish qilib, kompaniyaning tashkil etilishi tarixi va rivojlanishi bo‘yicha axborot berib, innovatsiya va AKT texnologiyalarni rivojlantirishda muhandislar va dasturchilarni tayyorlashga katta e’tibor qaratishga chaqirdi.

Shu bilan birga, «Innovatsiyalar ekotizlarini bog‘lash: o‘sish uchun mintaqaviy hamkorlik» mavzusidagi davra suhbatida Sh. Shermatov O‘zbekistonda AKT sohasining rivojlanish istiqbollari va strategiyasi bo‘yicha nutq so‘zladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр