Bu haqda bugun, 26-dekabr kuni Toshkent shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga Murojaatnomasida e’lon qilindi.
Murojaatnomada raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Davlat rahbarining qayd etishicha, Jahon banki tomonidan e’lon qilinadigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘onaga yuqorilab, dunyoning TOP-10 ta mamlakatlari qatoriga kirdi. Bu esa olib borilayotgan raqamli islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Prezident 2030-yilga qadar IT xizmatlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish strategik maqsad etib belgilanganini ma’lum qildi. Shu maqsadda kelgusi yildan Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta superkompyuter va 15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi.
Ushbu infratuzilma sog‘liqni saqlash, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya va jamoat xavfsizligi sohalarida 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, iqtidorli yoshlarning kvant texnologiyalari, dronlar, robototexnika yo‘nalishidagi ishlanmalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Raqamli texnologiyalar markazi” tashkil etilishi e’lon qilindi.
Murojaatnomada fintex va startap ekotizimini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Markaziy bank huzurida Fintex ofisi va innovatsion xab tashkil qilinib, xalqaro mutaxassislar jalb etiladi. Bu orqali har yili 15–20 ta fintex startapni tashqi bozorga olib chiqish va 1 milliard dollargacha investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Prezident, shuningdek, davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, barcha to‘lovlarni naqdsiz shaklga o‘tkazish va “soya” iqtisodiyoti ulushini qisqartirishda raqamli texnologiyalar asosiy vosita bo‘lishini ta’kidladi.
2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi.
Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 240 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi, 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.
Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qilish sun’iy intellekt orqali amalga oshiriladi.
“Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantiramiz”, – dedi davlatimiz rahbari.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, yangi texnologiyalar, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar Yangi O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishining asosiy drayverlaridan biriga aylanadi.