

BAAning Abu-Dabi amirligi davlat boshqaruvini sun’iy intellekt asosida tubdan qayta shakllantirishni boshlaganiga 1,5 yildan oshdi. Amirlik 2027-yilga qadar barcha raqamli davlat xizmatlarida sun’iy intellektni birinchi raqamli ish quroliga aylantirmoqchi — hali dunyodagi bironta hukumat buni amalga oshirmagan.
«Abu Dhabi Government Digital Strategy 2025–2027» strategiyasida belgilangan ushbu maqsadga erishish uchun 13 milliard dirham (qariyb 3,5 milliard AQSh dollari) sarmoya kiritilmoqda. Taqqoslash uchun: Dubayda 2010-yilda ochilgan jahondagi eng baland (828 metr) bino — Burj-Xalifa qurilishiga 1,5 mlrd AQSh dollari sarflangan.
Davlat boshqaruvi to‘liq raqamli modelga o‘tadi
Strategiyaning asosiy maqsadi davlat organlari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellektni davlat boshqaruvining barcha bosqichlariga joriy etishdir.
Shu maqsadda davlat idoralaridagi barcha ma’muriy jarayonlar raqamlashtiriladi va avtomatlashtiriladi. E’tiborli tomoni, davlat ma’lumotlarini mamlakat nazoratidagi raqamli infratuzilmada saqlash imkonini beruvchi suveren bulutli hisoblash texnologiyalaridan to‘liq foydalanish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, davlat tashkilotlarining moliyaviy, kadrlar va boshqaruv jarayonlarini yagona tizimga birlashtiruvchi ERP (Enterprise Resource Planning) platformasi joriy etilmoqda. Bu davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarga barham berish va qaror qabul qilish tezkorligini oshirishga xizmat qiladi.
Davlat xizmatlarini sun’iy intellekt boshqaradi
Strategiya doirasida davlat xizmatlariga 200 dan ortiq sun’iy intellekt yechimlari tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, AI for All (Barcha uchun sun’iy intellekt) dasturi orqali aholi va davlat xizmatchilarining sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Tashabbuskorlarning fikricha, raqamli davlat xizmatlarining sifati nafaqat texnologiyalarga, balki aholining ulardan qay darajada foydalana olishiga chambarchas bog‘liqdir.
«Abu Dhabi Government Digital Strategy 2025–2027 — raqamlashtirish borasidagi strategiyamizning butun mazmunini o‘zida aks ettirgan. Sun’iy intellekt davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlariga uzviy integratsiya qilinib, tashabbuskor, tezkor va texnologiyalarga to‘liq tayangan kelajak shakllantiriladi. Sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va ma’lumotlarga asoslangan tahlillarni davlat boshqaruvining ajralmas qismiga aylantirish orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilaymiz, davlat organlari faoliyati samaradorligini oshiramiz hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaymiz», — dedi Abu-Dabi Hukumatini rivojlantirish departamenti (DGE) raisi Ahmad Hisham al-Kuttab.
Yangi strategiya faqat raqamli infratuzilmani rivojlantirish bilan cheklanmaydi.
Hujjatda kiberxavfsizlikni kuchaytirish, raqamli standartlar va me’yoriy asoslarni takomillashtirish hamda ehtimoliy kibertahdidlarni oldindan aniqlash bo‘yicha yangi yondashuvlar ham nazarda tutilgan.
Bu davlat xizmatlarining uzluksiz ishlashi va fuqarolar ma’lumotlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
Raqamli transformatsiyaning ijtimoiy va iqtisodiy foydasi
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, strategiya amalga oshirilishi natijasida 5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi va 2027 yilga qadar Abu-Dabi iqtisodiyoti 24 milliard dirhamdan ortiq qo‘shimcha daromad oladi.
Olamshumul loyihani amalga oshirishda mamlakatning yetakchi ilmiy va texnologik tashkilotlari qatnashmoqda. Xususan, Muhammad bin Zoid nomidagi sun’iy intellekt universiteti (MBZUAI) sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlaydi, Advanced Technology Research Council (ATRC) katta til modellarini (Large Language Models) ishlab chiqishga mas’ul bo‘lsa, G42 sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, qator xalqaro texnologik hamkorlar bilan qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Abu-Dabi tajribasi nimasi bilan muhim?
So‘nggi yillarda ko‘plab mamlakatlar davlat xizmatlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga faol kirishib ketganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Abu-Dabi bu jarayonni alohida xizmatlar bilan cheklamasdan, davlat boshqaruvining butun arxitekturasini sun’iy intellekt asosida qayta qurishni maqsad qilgani bilan boshqalardan ajralib turibdi.
Agar strategiya belgilangan muddatlarda va to‘liq amalga oshirilsa, Abu-Dabi tajribasi nafaqat BAAning boshqa amirliklari, balki davlat boshqaruvini sun’iy intellekt asosida qayta shakllantirishga intilayotgan ko‘plab mamlakatlar uchun ham tayyor qo‘llanmaga aylanishi mumkin.