Joriy yilning 4-5 mart kunlari Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari serquyosh o‘lkamizning afsonaviy shahri Xiva bo‘ylab sayohat qilishdi.
“Men yurtimni sevaman” shoiri ostida tashkil etilgan mazkur tadbir taassurotlarga boy o‘tdi.
Erta tongda Urganch sari uchgan samolyot ko‘p o‘tmay manzilga qo‘ndi. Keyin jamoa avtobusda Xiva tomon yo‘lga chiqdi. Ularga hamrohlik qilgan tajribali gid mutaxassis yo‘l bo‘ylab Xorazm tarixi bilan tanishtirib bordi.
Sayohatning 1-kuni Markaz xodimlari “Ichan-Qal’a” (shahriston) va Dishan Qal’a (rabot) ko‘chalarini aylanib, Said – Allauddin maqbarasi, Kalta-Minor, Muhammad Aminxon madrasasi, Olloqulixon karvonsaroyi va madrasasi (XIII–XIX asrlar), Pahlavon Mahmud madrasasi (XVII– XIX asrlar) tarixi bilan tanishdilar.
Shuningdek, ular mahalliy aholining milliy an’analari, madaniyati va san’atidan bahramand bo’lib, bir olam zavq olishdi.
Sayohatning 2-kunida Tosh-Hovli saroyi, Ko‘hna Ark majmuasi (XIX asr), Islom Xo‘ja madrasasi va minorasi, Polvon darvoza (XIX asr), Jaloliddin Manguberdi yodgorlik majmualari haqidagi tarixiy haqiqatlar, afsona va rivoyatlar tinglandi.
O‘z yurtimiz haqida tarixiy bilimga ega bo‘lish, ichki turizmni rivojlantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni o‘rganib, madaniy-ma'rifiy hordiq chiqarish, xodimlar o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytirishda bu kabi tashabbuslarning ahamiyati katta.