Aholiga ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari Qo‘mita eshituvida muhokama qilindi

Aholiga ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari Qo‘mita eshituvida muhokama qilindi

06 mart 2023

IT-park binosida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirishning joriy holati va istiqbollari yuzasidan” Qo‘mita eshituvi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mita raisi Ilhom Abdullayev hamda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, shuningdek, siyosiy partiyalarning fraksiya a’zolari hamda vazirlik va tizim tashkilotlari mas’ullari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda kirish so‘zini olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Ilhom Abdullayev shu yilning 22-fevral kuni davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan tarmoq va sohalarda hamda hududlarda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha videoselektorda ko‘tarilgan masalalarga, mavjud kamchilik hamda 2023-yilgi vazifalar va rejalarga alohida urg‘u berdi.

Xususan, raqamlashtirish sohasida davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash hamda mazkur yo‘nalishda qabul qilingan tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan ta’sirchan parlament nazorati o‘rnatilganini ham ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekosning “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini rivojlantirish, elektron xizmatlar ulushini oshirish hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar”ga doir qiziqarli va dolzarb taqdimoti tinglandi.

Tadbir davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiya a’zolari davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirishda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining o‘z vaqtida va sifatli ta’minlanishi fuqarolar manfaatini himoya qilishga, tadbirkorlikni rivojlantirishga hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.

Xalq vakillarining O‘zbekiston elektron hukumati rivojlanishi va my.gov.uz xizmatlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari, shuningdek, davlat organlarining o‘zaro ma’lumotlar almashinuvida yuzaga kelayotgan xatoliklar hamda elektron davlat xizmatlarini olish bo‘yicha aholi ko‘nikmasini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir savollariga Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muxitdinov aniq raqamlar va misollar bilan batafsil javob berib o‘tdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligining davlat organlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini hamda davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, aholini sifatli optik tolali internet bilan ta’minlash hamda raqamli infratuzilmani rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Tadbirda nafaqat dolzarb fikr-mulohazalar va qiziqarli savol-javoblar tinglandi, balki mavjud muammolar yechimiga doir muhim takliflar ham o‘rtaga tashlandi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр