26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
Ajib zamonlarda yashayapmiz...

Ajib zamonlarda yashayapmiz...

10 iyun 2026

2000-yil. Jizzax o‘zbek-turk o‘g‘il bolalar liseyini tugatib, har kim o‘zi xohlagan OTMga kirish uchun hujjat topshirish hayajonida.

Eng avvalo, liseydan zarur hujjatlarni oldik. Tibbiy ma’lumotnomani olishimiz ancha sarguzashtlarga sabab bo‘lganligini aytib o‘tirmayman. Hamma hujjatlarni bitta papkaga jamlab, ikki sinfdosh Toshkent qaydasan deb yo‘lga tushdik. U paytlarda bugungi kundagidek taksi xizmatlari deyarli yo‘q, asosan “Ikarus” avtobuslarda, pulingiz ko‘proq bo‘lsa, “marshrutka”larda qatnalardi.

Xullas, shahri azimga keldik. Metroga “Sobir Rahimov” bekatidan tushib, “Beruniy”dan chiqdik.

Hududida O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent politexnika universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutiga qabul jarayonlari ketayotganligi sababli “Talabalar shaharchasi” qaynamoqda.

Eng qizig‘i, tushga yaqin kirib kelgan bo‘lsak, birinchi kun hujjatlarni topshirishga ulgurmadik. Qolishga joy yo‘q. Amallab talabalar yotoqxonasidan joy topdim. Ertasi kun topshirdik va Jizzax qaydasan deb yo‘lga tushdik.

Adashmasam, 10 kunlardan keyin ijodiy imtihonga keldim. Yana ikki kun vaqtim ketdi.

Keyin 20 iyullarda kelib imtihonga kirish ruxsatnomasini olib ketdim.

Umuman olib qaraganda imtihon kunigacha Toshkentga 3 yoki 4 marta qatnadim. Umumiy hisobda 10 kunlar ovora bo‘ldim.

Imtihon kuni alohida mavzu.

Yuqoridagi gaplar xuddi ertakdek tuyilishi mumkin, lekin ayni haqiqat.

Hozirchi, hozir tamomila boshqacha manzara.

Uyda o‘tirib, my.gov.uz platformasi orqali hujjatniyam topshirasiz, ruxsatnomani ham olasiz. Xizmat pullik ekan deysizmi? Toshkentga bir kelib ketishni, kamida bir kun yashashni hisob-kitob qilib ko‘rsangiz, portalga to‘lagan pulingizga mingdan ming rozi bo‘lasiz. Bu ham yetmagandek, o‘z hududingizda imtihon topshirish imkoniyati ham yaratilgan. Buning natijasida ham vaqtingiz, ham naqdingiz tejalmoqda.

Hozirgi yoshlarga havas qilmay ilojimiz yo‘q.

Raqamlashtirish deganlari shu bo‘lsa kerak-da...

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр