

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda raqamli texnologiyalar davlat qudratini belgilovchi muhim omillardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, harbiy va inson resurslari cheklangan, ammo innovatsiyalar orqali bu kamchiliklarni to‘ldirishga intilayotgan kichik va o‘rta davlatlar misolida bu yaqqol ko‘rinadi.
Ana shunday davlatlardan biri — Birlashgan Arab Amirliklari (BAA). Mamlakat raqamlashtirish borasida nafaqat Yaqin Sharq, balki jahonda ham ilg‘orlardan sanaladi. Dunyodagi ilk sun’iy intellekt vazirligi shu yerda tashkil etilgan, Amirliklarning raqamli boshqaruv markaziga aylangan Dubayda davlat xizmatlarini raqamlashtirish darajasi 99,5 foizga yetkazilgan. Diqqatga molik bunday misollar juda ko‘pa.
Avvalo ta’kidlash o‘rinliki, BAAning raqamli rivojlanish siyosati davlat idoralari va xususiy sektorning yaqin hamkorligiga tayanadi. Shuning asnosida xorijiy texnologiyalar va tajribalar milliy sharoitga moslashtirilmoqda. Raqamli iqtisodiyotning bozor mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirilgan boshqaruv modeli shu asosda shakllantirilyapti.
Mamlakat raqamli infratuzilmani rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotgani bilan tilga tushgan. Xususan, Smart Dubai va Abu Dhabi Smart City kabi «aqlli shahar» platformalari, shuningdek, UAE Pass va TAMM kabi yagona raqamli identifikatsiya vositalari shu tizimning muhim qismidir. BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksiga ko‘ra, BAA Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida raqamli davlat boshqaruvi bayroqdori hisoblanadi.
BAA xalqaro raqamli tarmoqlar: telekommunikatsiya magistrallari, ma’lumotlar markazlari va transport texnologiyalaridoimiy faol ishtirokchisi. Amazon Web Services, Google Cloud, Huawei va Nokia kabi yirik kompaniyalarning jalb etilishi Amirliklarning global texnologik hamkorlikdagi o‘rnini kuchaytirmoqda.
Mamlakat raqamli transformatsiyadan tashqi siyosatdagi ta’sirini kuchaytirishda ham foydalanmoqda. Bu yondashuv logistika va moliyaviy texnologiyalardan tortib, sun’iy intellektni tartibga solish va kiberxavfsizlikkacha bo‘lgan ko‘plab sohalarni qamrab oladi.
«Aqlli davlat» modeli
Pandemiyadan keyin BAAda «aqlli davlat» infratuzilmasini yaratishga ajratilayotgan davlat investitsiyalari yanada ko‘paydi. Bu tizim transport, sog‘liqni saqlash, shahar boshqaruvi, moliya texnologiyalari va ekologiya kabi strategik sohalarni qamrab oladi.
Islohotlarning asosiy maqsadi shahar muhitini raqamli texnologiyalar asosida yangilashdan iborat. Masalan, 2023 yilda Dubay va Abu-Dabida shahar xizmatlari to‘liq raqamlashtirildi. Digital Dubai loyihasi doirasida 1 300 dan ortiq xizmat raqamli shaklga o‘tkazildi.
Bu jarayon 2024 yilda Ajman amirligida Smart City Hub loyihasining ishga tushirilishi bilan davom etdi. Sinov hududida raqamli tizimlar energiya, transport va kommunal xizmatlarni yagona tizim orqali boshqarish imkonini beradi.
Transport. 2023 yilda Dubayda V2X — transport vositalarining atrof-muhit bilan raqamli aloqasini ta’minlovchi tizim sinovdan o‘tkazildi. 2025 yil mart oyida esa Abu-Dabida Xitoyning WeRide kompaniyasi bilan hamkorlikda haydovchisiz taksilar yo‘lga qo‘yildi.
Dubay metrosida yo‘lovchilar chiptalarini avtomatik tekshirish tizimi ham joriy etildi. Bu yo‘lovchilar oqimini tartibga solish va xodimlar ish hajmini kamaytirishga xizmat qilmoqda. Tizim, shuningdek, erkaklarning ayollar uchun ajratilgan vagonlarga kirishini aniqlab, bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Sog‘liqni saqlash. 2024 yilda Abu-Dabi va Sharja shifoxonalarida tomografiya ma’lumotlarini tahlil qiladigan sun’iy intellekt tizimlari ishga tushirildi. Ular o‘sma kasalliklarini aniqlashda qo‘llanmoqda. 2025 yil mart oyida esa rentgen tasvirlari orqali sil kasalligini aniqlaydigan yangi sinov platformasi taqdim etildi. Tizim BAA sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Mamlakatda raqamli tibbiy kartalar ham joriy etildi. Ular davlat va xususiy shifoxonalardagi ma’lumotlarni birlashtirib, tibbiyot muassasalari o‘rtasida axborot almashinuvini yaxshiladi.
Moliyaviy texnologiyalar. BAAda moliya sohasidagi raqamlashtirishda milliy mustaqillikka alohida e’tibor qaratilmoqda. 2023 yilda BAA Markaziy banki Saudiya Arabistoni va Xitoy bilan hamkorlikda markaziy bank raqamli valyutasidan foydalanadigan transchegaraviy hisob-kitoblar platformasini sinovdan o‘tkazdi.
2025 yil fevral oyida esa Al Etihad Payments platformasi negizida Jaywan milliy to‘lov tizimi ishga tushirildi. Biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda kartasiz to‘lov qilish imkoniyati ham joriy etildi. Bu choralar xalqaro to‘lov tizimlariga qaramlikni kamaytirish va milliy hisob-kitob infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan.
Turizm va kreativ sohalar. 2024–2025 yillarda to‘ldirilgan reallik, aqlli gidlar va raqamli bron qilish tizimlari joriy etildi. Sayyohlarning xulq-atvorini tahlil qiladigan platformalar ham ishga tushirildi. Natijada Dubay raqamli jozibadorlik bo‘yicha jahondagi ilg‘or uchta turistik markazdan biriga aylandi.
Ekologiya. 2023 yilda Dubay, Sharja va Al-Ayn shaharlarida havo sifatini kuzatish qurilmalari tarmog‘i ishga tushirildi. Ularning ma’lumotlari iqlimiy xatarlarni oldindan aniqlashda qo‘llanmoqda. 2025 yildan boshlab shahar ekologiyasini muhofaza qilishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan ham foydalanila boshlandi.
Shunday qilib, BAAda «aqlli davlat» tizimi texnologiya va boshqaruv islohotlarining uyg‘unligi asosida shakllanmoqda. Strategik rejalashtirish va innovatsiyalarga tayanish mamlakatning tashqi xavflarga chidamliligini oshiryapti. Geoiqtisodiy raqobat kuchayib, raqamli makon turli texnologik markazlarga bo‘linib borayotgan bir sharoitda, texnologik hamkorlik BAAning tashqi siyosatdagi mavqeini mustahkamlash vositalaridan biriga aylanmoqda.
Texnologik sheriklik, an’anaviy diplomatik va harbiy-siyosiy aloqalardan farqli ravishda, BAAga raqamli sohada moslashuvchanlikni saqlash, turli davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish va o‘z manfaatlarini ilgari surish imkonini bermoqda.
Ko‘p tomonlama texnologik hamkorlik
BAAning turli texnologik markazlar bilan bir vaqtda hamkorlik qilish siyosati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 2024 yilda du telekommunikatsiya operatori, Amerikaning Amazon Web Services (AWS) bulutli platformasi va Finlyandiyaning Nokia korporatsiyasi o‘rtasida 5G tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish hamda yangi ma’lumotlar markazlarini qurishni nazarda tutuvchi uch tomonlama kelishuv imzolandi.
Bu loyiha BAAning G‘arb texnologik kompaniyalari bilan aloqalarini kengaytirish bilan birga, mamlakatning raqamli sohadagi mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda raqamli sohada turli davlatlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilish siyosati Amirliklar tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2023–2024 yillarda Google Cloud, Microsoft, Alibaba Cloud va Huawei kabi yirik kompaniyalar bilan strategik kelishuvlar tuzildi.
2023 yilda Dubayda Huawei mintaqaviy bulutli markazi ochildi. U hisoblash quvvatlarini mamlakatda saqlash va davlatning raqamli loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Transport-logistika sohasi ham BAAning turli texnologik va iqtisodiy sheriklar bilan hamkorlik strategiyasini yaqqol namoyon etadi. Xususan, Xitoy bilan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida transport, aviatsiya va raqamli sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Masalan, 2024 yilda China Eastern Airlines aviakompaniyasi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirib, Amirliklar xablarining Sharqiy Osiyo megapolislari bilan havo aloqalarini sezilarli darajada kuchaytirdi.
Texnologik diplomatiya
Global texnologik qoidalarni shakllantirishda BAAning o‘ziga yarasha o‘rni bor. 2024–2025 yillarda mamlakat Global AI Governance Summit va World Government Summit kabi yirik xalqaro forumlarda ishtirokchi va tashabbuskor sifatida qatnashdi. Bu anjumanlarda sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va raqamli valyutalarni standartlashtirish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.
Umuman, pandemiyadan keyingi texnologik raqobat kuchaygan sharoitda BAA o‘zini raqamli sohada turli davlatlar va kompaniyalar hamkorlik qila oladigan maydon sifatida namoyon etmoqda. Mamlakat texnologik taraqqiyotni iqtisodiy jozibadorlik va ochiqlik siyosati bilan uyg‘unlashtirishga intiladi.
Xavf-xatarlar bor, yechimlarchi?
BAAning «aqlli davlat» modeli oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri — kiberxavfsizlik. Katta miqdordagi moliyaviy va raqamli resurslar jamlangan mamlakat sifatida BAA kiberhujumlar uchun muhim nishonlardan biri hisoblanadi. Ilgari davlat portallari va bank tizimlariga qilingan hujumlar mamlakat raqamli tizimida zaif nuqtalar mavjudligini ko‘rsatgan. Shu sababli kiberhimoya choralarini muntazam yangilab borish talab etiladi.
Yana bir masala — raqamli tengsizlik xavfi. Sun’iy intellekt, kvant hisoblash va blokcheyn kabi murakkab texnologiyalarning tez joriy etilishi aholidan yuqori raqamli savodxonlik va yangi sharoitga tez moslashishni talab qiladi. Biroq raqamli xizmat va resurslardan foydalanish imkoniyatlaridagi farq, ayniqsa, keksa fuqarolar, migrantlar va chekka hududlarda yashovchi aholi orasida ijtimoiy tafovutni kuchaytirishi mumkin.
Global texnologik kompaniyalarga bog‘liqlik ham yana bir muammo. Turli davlatlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilish siyosatiga qaramay, raqamli infratuzilmaning katta qismi xorijiy kompaniyalar ishtirokida barpo etilmoqda. Bu texnologik mustaqillikka ta’sir qilishi, shuningdek, sanksiyalar, eksport cheklovlari yoki xalqaro ma’lumot almashinuvi qoidalari o‘zgargan taqdirda mamlakat uchun qo‘shimcha xavflar tug‘dirishi mumkin.
Qonunchilik sohasida ham yechimini kutayotgan masalalar bor. Xususan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, algoritmlar qabul qiladigan qarorlarning shaffofligi va avtomatlashtirilgan tizimlar xatosi uchun javobgarlik kabi masalalar muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamoat joylarida biometrik identifikatsiya va videoanalitika tizimlarining keng qo‘llanilishi esa xavfsizlik va shaxsiy huquqlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlaydigan puxta huquqiy va axloqiy me’yorlarni talab qiladi.
BAA tajribasi nimani ko‘rsatadi?
BAAning 2023–2025 yillardagi raqamli rivojlanish tajribasi texnologiyalarni alohida sohalarga joriy etishdan ko‘ra, ularni davlat boshqaruvining umumiy tizimiga singdirishga urg‘u berilayotganida namoyon bo‘ladi. Bu yerda raqamlashtirish oddiy texnik yangilanish bo‘lib qolmasdan, iqtisodiyot, davlat xizmatlari, shahar boshqaruvi, transport, sog‘liqni saqlash va tashqi hamkorlikni qamrab olgan keng jarayonga aylangan.
Mamlakat raqamli texnologiyalarni infratuzilma, qonunchilik, xalqaro hamkorlik va milliy manfaatlar bilan bir tizimga birlashtirishga intilmoqda. Shu jihatdan Amirliklar tajribasi raqamli davlatni barpo etishda texnologiyaning o‘zi emas, balki uni qanday boshqarish va milliy manfaatlar bilan qanday uyg‘unlashtirish masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.