Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ishsizlikni kamaytiradi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ishsizlikni kamaytiradi

08 avgust 2022

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot davomida internet va mobil aloqaning rivojlanishi mamlakatimizda ham ishsizlik darajasini kamaytirishda yordam berayotgani aniqlandi.

Xususan, optik tolali internet uzunligining 100 kilometrga oshishi ishsizlikning 0,04 foiz punktiga (foiz punkti – ikki foiz orasidagi farq) qisqarishida yordam beradi. Internetdan foydalanuvchilar sonining 1 foiz punktiga ortishi ishsizlikni 0,02 foiz punktiga kamaytiradi. 100 ta yangi asosiy aloqa stansiyasining qurilishi ishsizlik darajasini 0,05 foiz punktiga kamaytirish imkonini beradi.

Tadqiqotni o‘tkazish chog‘ida hududlar bo‘yicha 2015-2020-yillarga oid statistik ma’lumotlarga asoslangan ekonometrik modellardan foydalanildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda AKT sohasida band bo‘lganlar soni muttasil oshib bormoqda. Agar 2015 yilda sohada 33,4 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 53,8 mingni tashkil etdi (o‘sish sur’ati – 161%). Boshqa tomondan, iqtisodiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida bandlik bilan bog‘liq muammoni yangicha yondashuv – masofaviy ish yoki frilans orqali hal qilish imkoniyati ortayapti. Bugungi kunda O‘zbekistonda bir qator raqamli frilans platformalari faoliyat yuritmoqda. Ular odamlarga o‘zini-o‘zi ish bilan ta’minlashda ko‘mak berayapti.

Kelgusida ham ishsizlik muammosini hal etishda AKTning roli ortib boradi. Chunki soha rivojlangani sari odamlarning onlayn platformalar orqali ish topishi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn saytlarda ishlash imkoniyati ortadi. Boz ustiga, xalqaro mehnat bozorida raqamli kasblarga talab muttasil oshib bormoqda.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр