O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Bahrayn raqamli hukumat modeli: O‘rganishga arziydimi?

Bahrayn raqamli hukumat modeli: O‘rganishga arziydimi?

08 oktyabr 2026

Ma’lumot: Bahrayn taxminan 1,5 million aholiga ega bo‘lib, uning 53 foizini xorijliklar tashkil etadi. Internetdan foydalanish darajasi 98 foizdan yuqori. Fors ko‘rfazida birinchi bo‘lib neft qazib olgan ushbu davlat bugungi kunga kelib butunlay o‘zgardi — iqtisodiyotning 80 foizdan “qora oltin”dan xoli sohalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

BMTning 2024 yilgi Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (EGDI)da Bahrayn bir yo‘la 36 pog‘ona yuqorilab, jahonda 18-o‘rinni egalladi.

Zamonaviy davlat boshqaruvi tizimlarini raqamlashtirish jarayoni oddiy texnik yangilanishlardan tubdan farq qiladi. Yuqori samaradorlikka ega elektron hukumat ekotizimini qurish — davlat xizmatlarini ko‘rsatish falsafasini yangilash, ma’lumotlarni boshqarishning markazlashgan tizimlarini joriy etish va eng muhimi, fuqarolarning davlat bilan o‘zaro munosabatlarini qayta loyihalash demakdir. Bu borada Bahraynda tatbiq etilgan Raqamli hukumat strategiyasini xalqaro hamjamiyat, xususan, soha mutaxassislari eng mukammal va tizimli modellardan biri sifatida o‘rganib kelmoqda.

Raqamli strategiyaning yetti bosh tamoyili

Bahrayn raqamli hukumat strategiyasi davlat organlari faoliyatini shakllantiruvchi va ularning raqamlashish yo‘nalishlarini belgilovchi quyidagi tamoyillarga asoslangan:

  1. Raqamli xizmatlarning hammabopligi: Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda har bir fuqaroning ehtiyojlarini hisobga olish va tizimni ularga moslashtirish ustuvor vazifadir.
  2. Foydalanuvchilar faolligini rag‘batlantirish: Aholi va hamkorlarni o‘zlari uchun qulay raqamli kanallar orqali hukumat bilan faol muloqot qilishga undash tizimi mavjud.
  3. «Avvalo raqamli texnologiyalar»: Yangi davlat xizmatlarini loyihalashda dastlabki bosqichdan boshlab, butun faoliyat zanjirini to‘liq raqamlashtirishga e’tibor qaratiladi.
  4. Asosiy xizmatlarni tubdan qayta qurish: Aholi ehtiyojlari uchun eng zarur deb topilgan davlat xizmatlari «noldan boshlab» raqamli formatga moslab yangitdan ishlab chiqiladi.
  5. «Bir martalik taqdim» imkoniyati: Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari muayyan ma’lumotlarni davlat idorasiga faqat bir marta taqdim etadi, qolgan tizimlar esa uni o‘zaro integratsiya orqali yuklab oladi.
  6. Ilg‘or texnologiyalar va prognozlash: Katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) tahlil qilinib, aniq prognozlar tayyorlanadi va puxta boshqaruv qarorlari qabul qilinadi.
  7. Davlat ma’lumotlarini birlashtirish va ochiqlik: Shaffoflikni hamda fuqarolik faolligini oshirish maqsadida hukumat ma’lumotlari birlashtiriladi va jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinadi.

Raqamli inklyuzivlik

Bahraynda raqamli davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati shunchaki qulaylik emas, balki fuqarolarning umumiy huquqi deb tan olingan. Shu bois barcha davlat organlaridan raqamli inklyuzivlikni (hammaboplikni) ta’minlash talab qilinadi. Xizmatlarni ishlab chiqish jarayonida internet tezligi, aholining yoshi, daromadi, ta’lim darajasi, jismoniy imkoniyatlari cheklanganligi, jinsi, migratsiya maqomi va yashash joyi kabi juda ko‘plab omillar qat’iy inobatga olinadi.

Mamlakat raqamli tengsizlikni butunlay yo‘q qilish uchun uchta asosiy yo‘nalishda tizimli tashabbuslar amalga oshirilmoqda:

Raqamli infratuzilmani kengaytirish: Jamoat joylarida bepul Wi-Fi tarmoqlari rivojlantirilgan. Kam ta’minlangan va muhtoj oilalarning o‘quvchi farzandlariga ta’lim jarayonlarida qatnashish uchun davlat tomonidan bepul noutbuklar, kompyuter jihozlari va dasturiy ta’minotlar tarqatiladi.

Kontent va xizmatlarning mavjudligi: Aholi uchun arzon va yuqori sifatli simli hamda mobil aloqa tarmoqlari yaratilgan, 5G infratuzilmasi Milliy telekommunikatsiya rejasi asosida muntazam rivojlantirib borilmoqda. Imkoniyati cheklangan shaxslarni raqamli muhitga jalb qilish uchun veb-saytlarda matnni tinglash imkonini beruvchi maxsus ReadSpeaker kabi ovozli vositalar o‘rnatilgan. Mehnat migrantlari va ishchilar uchun elektron xizmatlar bir nechta tillarda taqdim etiladi. Bu ularning Mehnat bozorini tartibga solish organi (LMRA) qonun-qoidalaridan xabardor bo‘lishiga, odam savdosi va ish haqi kechikishidan himoyalanishiga hamda moslashuvchan ish ruxsatnomalariga ariza berishiga xizmat qiladi.

Raqamli ko‘nikmalarni oshirish: Aholining raqamli savodxonligini yuksaltirish, chuqurlashtirilgan raqamli ta’lim dasturlarini tashkil etish va elektron hukumat imkoniyatlari haqida doimiy ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.

Targ‘ibot strategiyasi

Raqamli xizmatlarni yaratish har doim ham ulardan samarali foydalanilayotganini anglatmaydi. Shu sababli Bahrayn 2007 yildan buyon aniq maqsadli va puxta o‘ylangan marketing hamda targ‘ibot strategiyasini yuritib kelmoqda. Bunday kampaniyalarda an’anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda zamonaviy raqamli marketing vositalari — ijtimoiy tarmoqlardagi maqsadli reklamalar, mahalliy va xalqaro yangiliklar saytlaridagi onlayn e’lonlar, elektron pochta va SMS-marketing, taqdimotlar va ko‘chma ko‘rgazmalar keng qo‘llaniladi.

Ma’lumot uchun: Bahraynda raqamlashtirish, milliy IT-infratuzilma, kiberxavfsizlik va davlat statistikasi uchun mas’ul markaziy davlat organi — Axborot va elektron hukumat boshqarmasi (Information & eGovernment Authority — iGA) hisoblanadi.

iGA tizimdagi 400 dan ortiq elektron xizmatni muntazam tahlil qilib, ular orasidan foydalanish ko‘rsatkichlari keskin oshgan 25 ta eng dolzarb xizmatni aniqlaydi va ularni doimiy ravishda takomillashtirib boradi.

Davlat xizmatlari aholiga bir nechta o‘zaro bog‘langan raqamli kanallar orqali yetkaziladi. Bular:

  • Yagona milliy portal va idoralarning veb-saytlari.
  • Rasmiy mobil ilovalar.
  • Elektron xizmat ko‘rsatish markazlari va Milliy kontakt markazi.
  • Yangi avlod elektron hukumat smart-kioskalari.

Aholi gavjum nuqtalarda o‘rnatilgan ushbu zamonaviy o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kioskalari foydalanuvchining shaxsini tasdiqlovchi biometrik barmoq izi tizimi, sensorli ekran, xavfsizlik videokameralari, bank kartalarini o‘quvchi qurilmalar va kvitansiya chop etuvchi printerlar bilan jihozlangan. Bu internetga ulanish imkoniyati bo‘lmagan yoki raqamli qurilmalardan mustaqil foydalanishga qiynaladigan fuqarolarning ham raqamli xizmatlardan to‘liq foydalanishini ta’minlaydi.

«Avvalo raqamli texnologiyalar» tamoyiliga asoslangan yetakchi loyihalar

Bahraynda xizmat ko‘rsatish jarayonlarini qisqartirish hamda aholi va tadbirkorlar uchun ma’muriy yukni kamaytirish maqsadida bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda:

Sijilat tadbirkorlar uchun ro‘yxatdan o‘tish portali: Ushbu tizim (www.sijilat.bh) mamlakatde biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va litsenziyalash jarayonlarini butunlay virtuallashtirdi. Investorlar va tadbirkorlar tijorat ruxsatnomalarini olish, o‘zgartirish yoki muddatini uzaytirish uchun arizalarni yagona soddalashtirilgan shakl orqali elektron tarzda topshiradilar. Tizim arizani barcha tegishli davlat idoralariga bir paytning o‘zida yuboradi — bu bilan tadbirkorning turli vazirliklarga eshikma-eshik qatnab yurishiga chek qo‘yadi.

Milliy soliq tizimi: iGA boshqarmasi Milliy soliq boshqarmasi va Bojxona xizmati bilan hamkorlikda Yaqin Sharqda birinchi bo‘lib Amazon Web Services (AWS) bulutli texnologiyalari asosida milliy soliq platformasini ishga tushirdi. Tizim ikki qismdan — jamoatchilik uchun ochiq portal va SAP bazasidagi soliq tavakkalchiliklarini boshqarish (TRM) bekend-tizimidan iborat. AWS bulutli mahsulotlari tufayli tizim QQS to‘lovchilarini ro‘yxatga olish, deklaratsiyalarni qabul qilish va xavflarni baholash ishlarini real vaqt rejimida, yuqori barqarorlik bilan bajaradi.

Sehati milliy ijtimoiy tibbiy sug‘urta dasturi: Milliy sog‘liqni saqlash rejasi (2016–2025) doirasida yaratilgan ushbu dastur aholining tez sur’atlar bilan o‘sishi sharoitida tibbiyot tizimining barqarorligini ta’minlaydi. U tibbiy resurslardan oqilona foydalanishni tashkil etib, mahalliy aholi va xorijliklar uchun sog‘liqni saqlashni to‘liq bemor manfaatlariga yo‘naltirilgan sohaga aylantirdi.

Milliy moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi: Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vazirligidan moliyaviy yordam oluvchi shaxslar milliy portal orqali ariza topshiradilar va uning holatini kuzatib boradilar. Tizim samaradorlikni oshirish uchun boshqa raqamli hukumat bazalari bilan to‘liq integratsiya qilingan.

Yagona haqiqat manbai

Elektron hukumat ekotizimining me’moriy poydevori ma’lumotlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va tizimlarning o‘zaro xavfsiz bog‘lanishini ta’minlash hisoblanadi. Bahrayn bu maqsadga erishish uchun Yagona haqiqat manbai (Single Source of Truth — SSoT) va ma’lumotlarni bir marta saqlash tamoyilini joriy etgan. Bu yo‘nalishdagi asosiy loyihalar quyidagilar:

Milliy korporativ arxitektura tizimi (NEA Framework): Ko‘plab davlat organlarida yagona Korporativ arxitekturani joriy etish maqsadida ishlab chiqilgan standartlar, texnologik protokollar, nazorat mexanizmlari va yo‘riqnomalar to‘plamidir. U IT-texnologiyalarni qabul qilish va ulardan foydalanishni yagona qolipga soladi.

Milliy shlyuz infratuzilmasi (National Gateway Infrastructure): Davlat tizimlarini izchil standartlar va siyosatlar asosida birlashtiruvchi yagona elektron platforma. U har bir davlat idorasiga boshqa tashkilotlar taklif etayotgan ma’lumotlar va xizmatlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkonini beradi, bu esa ma’muriy xat-xabarlarni qisqartirib, tizimlarni kuzatib borish va yangilash xarajatlarini kamaytiradi.

«eKey» yagona raqamli identifikatsiya platformasi: Fuqaro shaxsini tasdiqlovchi milliy ID-kartaning elektron muqobili bo‘lib, barcha raqamli davlat xizmatlari uchun yagona kirish kaliti hisoblanadi. Foydalanuvchi bir marta autentifikatsiyadan o‘tib, tizimdagi yuzlab xizmatlardan xavfsiz foydalana oladi. Mamlakat Oliy kengashi ko‘rsatmasi bilan «eKey» tizimi moliyaviy va xususiy sektorlarga ham kengaytirildi va Markaziy bank nazoratidagi banklar hamda to‘lov tashkilotlari uchun yagona milliy «eKYC» (Elektron mijozni tanish) platformasining asosiga aylandi.

Yangi avlod raqamli ID-kartalari: Mamlakatdagi yangi milliy shaxsiy guvohnomalar tizimda juda katta mantiqiy vazifani bajaradi. Ushbu yagona karta o‘z ichiga tibbiy karta, saylovchi guvohnomasi, mehnat daftarchasi, elektron to‘lov hamyoni va Bahrayn xalqaro aeroportidagi chegara nazoratlaridan biometrik barmoq izi orqali tezkor o‘tish imkonini beruvchi yo‘l kartasi funksiyalarini birlashtirgan.

«NotifyMe» milliy xabarnomalar tizimi: Fuqarolar va rezidentlar o‘z aloqa ma’lumotlarini ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazadilar va davlat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan barcha raqamli tranzaksiyalar, muhim hukumat ogohlantirishlari haqida xavfsiz va shaxsiy bildirishnomalar oladilar. Bu xizmat xabar yetkazish vaqtini keskin qisqartirish, qog‘ozbozlik va logistika xarajatlarini bartaraf etishga qaratilgan.

Big Data va katta imkoniyatlar

Yuqorida ta’kidlanganidek, Bahrayn hukumati Amazon Web Services bilan hamkorlikda mamlakatda yirik ma’lumotlar markazlarini tashkil etdi va podshohlikni Big Data bo‘yicha mintaqaviy xabga aylantirdi.

To‘plangan ulkan ma’lumotlardan qanday maqsadlarda foydalanilmoqda?

Bular:

- Aholini ro‘yxatga olish loyihasida Geografik axborot tizimlari va yerdan foydalanish ma’lumotlari tahlil qilinadi.

- Turizm statistikasi va iste’mol narxlari indeksi doimiy ravishda katta ma’lumotlar tahlili asosida shakllantiriladi.

- Yagona davlat ma’lumotlar ombori (Government Data Warehouse) orqali bank, iqtisodiyot, tijorat litsenziyalari, eksport va import, mehnat bozori, telekommunikatsiya, logistika va transport kabi strategik sektorlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari real vaqt rejimida o‘rganiladi. Olingan natijalar mas’ul rahbarlarga mobil platforma shaklida yetkazib beriladi.

- «Tamkeen» jamg‘armasi mijozlarni raqamli ro‘yxatga olish jarayonlarida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan, blokcheyn asosidagi elektron tashriflardan, smart-navbat tizimlaridan va robotlashtirilgan avtomatlashtirish (RPA) vositalaridan faol foydalanadi.

Shuningdek, shaxsiy hayot daxlsizligi va xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda davlat ma’lumotlari birlashtirilib, Bahrayn ochiq ma’lumotlar portali (Bahrain Open Data Portal) orqali jamoatchilikka taqdim etiladi. Bu tadbirkorlik hamjamiyatiga davlat ma’lumotlari tahlili asosida yangi innovatsion xizmatlar va biznes modellarini yaratish imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida

Yaqin Sharqdagi bu kichik, ammo ulkan yutuqlar mamlakati misolida ko‘rish mumkinki, raqamli hukumat qat’iy belgilangan strategik tamoyillar, mustahkam infratuzilma va doimiy nazorat mexanizmlariga asoslangan yagona organizm bo‘lishi lozim. Bahrayn tajribasi raqamli asrda samarali, xavfsiz, tejamkor va to‘liq fuqaro manfaatlariga yo‘naltirilgan davlat boshqaruvi tizimini qurishni maqsad qilgan har bir mamlakat va soha mutaxassislari uchun muhim strategik manba bo‘lib xizmat qiladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр