Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash boʻyicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2024-yil apreldan boshlab:
- fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn shaklda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirishlari mumkin. Bunda fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali arizalarni yuborish imkoniyati yaratiladi.
- “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Yagona reyestri” AT orqali kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash boʻyicha elektron shaklda ariza berish huquqi beriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezonlariga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:
2023-yil dekabr oyidan boshlab:
- bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan soʻng “Yagona reyestr” AT yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilinadi hamda oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (ikkinchi koʻchmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) boʻlsa, nafaqa toʻlovi toʻxtatiladi.