Daniya qanday qilib raqamli hukumat sohasida global yetakchiga aylandi (birinchi maqola)

Daniya qanday qilib raqamli hukumat sohasida global yetakchiga aylandi (birinchi maqola)

21 iyul 2023

Daniya davlat sektorini raqamlashtirish bo‘yicha deyarli har bir hisobot va tahlillarda birinchi o‘rinda turadi.

Bu mamlakat aholisi Yevropa Ittifoqida raqamli va dalat xizmatlaridan eng yuqori darajada foydalanish imkoniga ega.

Turkum maqolalarimizda Daniya qanday qilib ilg‘or raqamli davlatga aylangani va uning raqamlashtirish strategiyasi qanday foyda keltirayotgani haqida batafsil hikoya qilamiz.

Hukumatning raqamli transformatsiyadagi muvaffaqiyatlarini ko‘rib chiqsangiz, dunyoda Daniyani ortda qoldirgan davlatlar kam.

Daniyaning raqamli transformatsiyada erishayotgan a’lo ko‘rsatkichlarining ba’zilarini keltirib o‘tamiz:

  • 2017, 2018, 2021-yillarda Yevropa Ittifoqining raqamli iqtisodiyot va jamiyat indeksida — 1-o‘rin.
  • BMTning 2018, 2020 yillardagi har ikki yillik Elektron hukumat reytingida — 1-o‘rin.
  • Economist Impact’ning Raqamli shaharlar indeksi reytingida — 1-o‘rin, 2022 (Kopengagen uchun).
  • Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Raqamli hukumat indeksida — 4-o‘rin (2019 yil).
  • Yevropa Ittifoqida elektron hukumat xizmatlaridan foydalanuvchi fuqarolarning soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich; 2021 yilda Daniyada internet foydalanuvchilarining 92 foizi raqamli davlat xizmatlaridan foydalangan.

Ba’zilar Daniya aholisi sonining kamligi va o‘rtachadan yuqori bo‘lgan soliqlar Daniya hukumatining raqamlashtirishda muvaffaqiyat qozonishida asosiy omil bo‘lgan, deb hisoblaydi.

Bu bir omil bo‘lsa-da, Daniyaning raqamlashtirish yo‘li o‘n yillar oldin boshlangan va ko‘plab bosqichlarni o‘z ichiga olgan.

Daniyaning raqamli strategiyasi

Daniya 20 yildan ortiq vaqt davomida aniq va puxta raqamlashtirish maqsadlarini amalga oshirgan.

Raqamli Daniya: Tarmoq jamiyatiga o‘tish (1999) hisobotida Tadqiqot va axborot texnologiyalari vazirligi Daniya hukumati keyingi yigirma yil davomida bosib o‘tadigan yo‘lni belgilab beruvchi ko‘plab maqsadlarni aniqlashtirib olgan. Bularga quyidagilar kiradi:

  • Hayot davomida ta’lim: «Daniya o‘z fuqarolariga tarmoq jamiyati orqali umrbod ta’lim olishlarini ta’minlaydigan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘lishi kerak».
  • Raqamli ma’muriyat: «2003 yilga borib, Daniya davlat boshqaruvi raqamli ma’muriyat sifatida mintaqada eng yaxshi va eng samarali davlat xizmatlarini taqdim etishi lozim».
  • Daniya internet tashabbuslari: «Aholining demokratik jarayonlardagi ishtiroki, ochiq qarorlar qabul qilish jarayonlarida erkin qatnashishlari uchun barcha fuqarolar yangi va interaktiv internet xizmatlari bilan ta’minlanishi zarur».

Ushbu maqsadlar Daniyaning raqamli hukumat bo‘yicha jahon yetakchisiga aylanishiga yordam bergan poydevorni qo‘ydi.

Birinchidan, fuqarolarni raqamlashtirish bo‘yicha o‘qitish orqali aholining raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishlariga zamin yaratildi.

Ikkinchidan, raqamli ma’muriyat mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda, eski tizimlar yangilandi va fuqarolar hamda davlat xizmatchilari uchun samarali raqamli davlat xizmatlari tizimi yaratildi.

Uchinchidan, internetni demokratik va madaniy faoliyatning muhim bir qismiga aylantirish orqali, ular aholining siyosiy ongini va texnologiyalardan foydalanish madaniyatini oshirdilar.

Bugungi kunda Daniyaning raqamli hukumat agentligi har 4 yilda yangi hisobotlar bilan o‘zining raqamli strategiyasini yangilashda davom etmoqda. U raqamli imkoniyatlarini oshirish uchun muntazam ravishda davlat-xususiy sheriklik prinsiplari asosida ish yuritadi. Va bu orqali elektron xizmatlarni doimiy ravishda takomillashtiradi hamda fuqarolarni jalb qilish uchun inklyuzivlikka e’tibor qaratadi.

(davomi bor)

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр