Davlat organlari xodimlari census.stat.uz orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi

Davlat organlari xodimlari census.stat.uz orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi

08 yanvar 2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF–173-son farmoniga muvofiq, 2026-yil 15-yanvar — 28-fevral kunlari aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.

Ro‘yxatga olish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich 15–31-yanvar kunlari bo‘lib, unda fuqarolar census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur bosqich 17 kun davom etadi.

Ikkinchi bosqich 4–28-fevral kunlari tashkil etiladi. Bu jarayonda “mahalla yettiligi” a’zolari uyma-uy yurib, planshet vositasida ro‘yxatga olish ishlarini amalga oshiradi.

Ma’lum qilinishicha, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi qonun bilan kafolatlanadi hamda savolnomada jamlangan ma’lumotlar boshqa idoralarga taqdim etilmaydi.

Savolnoma jami 71 ta savoldan iborat bo‘lib, ularning 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid.

Shuningdek, Prezident farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari 2026-yil 15-yanvardan 31-yanvarga qadar o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarni census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlashi shart.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр