

Joriy yilning 12-avgust kuni Denov tumanida aholining raqamli davlat xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha xabardorligini oshirish maqsadida my.gov.uz portali imkoniyatlariga bag‘ishlangan mega-seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida aholiga raqamli hukumat tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlardan foydalanish tartibi, ularning qulayliklari, afzalliklari va vaqt hamda mablag‘ni tejash imkoniyatlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, fuqarolarning davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanishi, elektron shaklda murojaat va arizalarni yuborishi hamda turli xizmatlardan ortiqcha ovora bo‘lmasdan, tez va qulay foydalanish imkoniyatlari namoyish etildi.
Mega-seminarda Denov tumanining 10 ming nafardan ortiq aholisi ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun gala-konsert dasturi tashkil etilib, taniqli san’atkorlarning chiqishlari namoyish etildi. Ko‘tarinki kayfiyat va bayramona muhitda o‘tgan tadbir aholida katta taassurot qoldirdi.
Raqamli hukumat — qulaylik, tezkorlik va zamonaviy xizmatlar sari muhim qadam!