Bugun, 16-sentyabr kuni “Digital inclusion” (raqamli inklyuzivlik) tamoyili doirasida, my.gov.uz portalining inklyuzivligini oshirish hamda nogironligi bor shaxslar uchun yanada qulay qilishga bag‘ishlangan muhim seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Bu O‘zbekistonning raqamli xizmatlaridan foydalanishda hech kim ortda qolmasligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli harakatlardan biridir.
Tadbir davomida ishtirokchilar my.gov.uz portalidagi inklyuziv funksiyalardan qanday foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Shuningdek, davlat boshqaruvi jarayonlarida onlayn ishtirok etish imkonini beruvchi “elektron ishtirok” mexanizmlari bilan ham tanishtirildi. Bu esa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining davlat xizmatlariga yanada faol jalb etilishiga xizmat qiladi.
Seminar yakunida ishtirokchilar portalni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi. Bu kabi takliflar kelgusida portalning inklyuzivligini oshirish va yanada qulay muhit yaratish maqsadida inobatga olinadi.