Dunyoda eng raqamlashgan davlatlar

Dunyoda eng raqamlashgan davlatlar

29 aprel 2022

2020-yilda pandemiya tufayli jahon iqtisodiyoti hajmi 4,4 foizga kamaydi. Shu bilan birga, butun dunyoda raqamlashtirish jarayoni tezlashdi. Ya’ni mamlakatlar o‘zlarini «bloklab», maktablar va sanoat tarmoqlari yopildi, raqamli sektorlar – masofaviy ta’lim, elektron tijorat yoki uydan ishlash xizmatlari – muhim ahamiyat kasb etib qoldi...

Ushbu tendensiya qaysi mamlakatda qanday namoyon bo‘ldi?

Tafts universiteti qoshidagi Fletcher maktabi xodimlari Mastercard bilan hamkorlikda Digital Evolution Scorecardning uchinchi nashrini ishlab chiqishdi. Quyida 4 ta asosiy omil: talab, taklif, institutlar va innovatsiyalarni kuzatib boradigan 160 ta ko‘rsatkichga ko‘ra, 45 dan ortiq turli manbalar to‘plamidagi davlat va tijorat ma’lumotlaridan foydalanilgan tahlil natijalarini e’tiboringizga havola etamiz.

Taklif: Raqamli ekotizimni yaratish uchun raqamli muhit va jismoniy infratuzilma qanchalik rivojlangan (Bu keng polosali Internetning mavjudligi, onlayn-do‘konlardan tovarlarni yetkazib berishda yo‘llarning sifati va boshqa omillarni o‘z ichiga oladi)?

Talab: iste’molchilar raqamli iqtisodiyotda ishtirok etishga tayyormi va bunga qodirmi? Ularda buning uchun zarur vositalar va ko‘nikmalar bormi?

Institutlar: Mamlakat qonunlari (va hukumat harakatlari) raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yordam beradimi yoki to‘sqinlik qiladimi? Rasmiylar raqamlashtirishga sarmoya kirityaptimi? Davlat tomonidan qabul qilingan tartibga solish choralari ma’lumotlardan foydalanish va saqlashni sekinlashtiradimi yoki aksincha?

Innovatsiyalar: innovatsion ekotizimning asosiy komponentlari qanchalik yetuk: a) iqtidor va kapitalga kirish, b) jarayonlar (masalan, universitetlar va biznes o‘rtasidagi hamkorlik) va c) mijozlarga yetib borish (yangi raqamli mahsulotlar va xizmatlar).

Ushbu ma’lumotlar asosida iqtisodiyotning ikkita ko‘rsatkichi baholangan: mamlakatdagi raqamlashtirishning hozirgi holati va uning tezligi (12 yil davomida reyting ballari o‘sishi sur’ati baholangan – 2008 yildan 2019 yilgacha). Quyidagi diagrammada hosil bo‘lgan «xarita» iqtisodiyotni to‘rtta zonaga ajratadi: yetakchilar, sekinlashuvchi, istiqbolli va muammoli.

Raqamli evolyusiya: holat va tezlik

Liderlar

Bu tarkibga raqamlashtirishning yuqori boshlang‘ich darajasi va sohada kuchli rivojlanish sur’atlari bilan ajralib turadigan iqtisodiyotlar kiradi. Ayniqsa, uchta davlat alohida ajralib turadi. Bular: Janubiy Koreya, Singapur va Gonkong.

Estoniya, Tayvan va BAA esa innovatsiyalarga moslashish va institutsional yordam ko‘rsatish hamda doimiy ravishda indekslar bo‘yicha yetakchilar qatoriga kiradi. Qizig‘i shundaki, AQSh raqamli evolyusiyada Singapurdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi: bu hajmli va murakkablikdagi iqtisodiyot uchun ajoyib o‘sish sur’atidir.

Bu mamlakatlar nimasi bilan ajralib turadi? Har biri o‘ziga xosdir, ammo tahlillar shuni ko‘rsatdiki, eng muvaffaqiyatlilari quyidagi ustuvorliklarni tanlagan:

  • Raqamli iste’molchi loyihalarini (elektron tijorat, raqamli to‘lovlar, ko‘ngilochar va boshqalar) amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • IT xodimlarni jalb qilish, o‘qitish va ushlab turish;
  • Raqamli startaplarni rivojlantirish;
  • Internetdan tez va ommaviy foydalanishni ta’minlash – ham yer usti (masalan, optik tolali), ham mobil;
  • Raqamli tovarlar, xizmatlar yoki mediani eksport qilishga ixtisoslashuv;
  • Muvofiqlashtirilgan innovatsion jarayon: universitetlar, biznes va raqamli rivojlanishga mas’ul vazirliklar.

Istiqbollilar

Ushbu tarkibda raqamli iqtisodiyot infratuzilmasi hamon cheklangan. Ammo ularni tez raqamlashtirilayotganlar safidan deyish mumkin. Masalan, Xitoy raqamli evolyusiya sur’ati bo‘yicha jadal o‘sib bormoqda, talab va innovatsiyalar uyg‘unligi tufayli boshqa mamlakatlardan sezilarli darajada oldinda. Guruhning yana ikki taniqli a’zosi – Indoneziya va Hindistondir: ular o‘sish sur’ati bo‘yicha dunyoda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinda. Shuningdek, Keniya, Vetnam, Bangladesh, Ruanda va Argentina kabilar ham raqamli rivojlanishning jadal sur’atlarini boshdan kechirishmoqda. Bu raqamlashtirishning iqtisodiy tiklanishga foydasi katta ekanligidan dalolatdir.

Tahlillarga asoslanib, muvaffaqiyatli iqtisodlar quyidagi vazifalarga e’tibor qaratishi aniqlandi:

  • Innovatsiyalarni kengroq targ‘ib qilish uchun mobil internet tarmog‘iga ulanish, uning mavjudligi va sifatini oshirish;
  • Institutsional muhitni mustahkamlash va raqamli qonunchilikni rivojlantirish;
  • Raqamli korxonalarga sarmoya kiritishni rag‘batlantirish, raqamli ilmiy-tadqiqotlarni moliyalashtirish, IT xodimlarini o‘qitish va ish o‘rinlarini yaratish uchun ilovalardan foydalanish;
  • Gender, sinf, etnik kelib chiqish va geografiya bo‘yicha raqamli vositalardan foydalanishdagi nomutanosiblikni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar.

Sekinlashib qolganlar

Bu tarkibga yaxshi raqamli tizimlarga ega, ammo rivojlanish sur’ati pastlagan mamlakatlar kiradi. Ularning aksariyati Yevropa Ittifoqiga a’zo. Bu qisman yetuk bo‘lgan, lekin o‘sishning tabiiy kechikishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, mintaqadagi ko‘plab davlatlar mas’uliyatli va inklyuziv rivojlanish uchun ataylab o‘sishni qurbon qilishni tanlashdi. Tezlikni tiklash uchun (o‘z qadriyatlaridan voz kechmagan holda) bu mamlakatlar quyidagilarga ahamiyat berishi kerak:

  • Raqamli platolardan himoya qilish: keyingi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun barqaror institutsional ustunlarga, tartibga solish muhitiga va kapital bozorlariga qo‘shimcha investitsiyalar;
  • Raqamli imkoniyatlardan teng foydalanishni ta’minlash va barcha iste’molchilarni maxfiylik buzilishi, kiberhujumlar va boshqa tahdidlardan himoya qilish uchun siyosat hamda tartibga solish vositalaridan foydalanishni davom ettirish (yangi raqamli ilovalar uchun ma’lumotlar mavjud bo‘lganda);
  • Raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb qilish, o‘qitish va saqlab qolish – ko‘pincha immigratsiya siyosati islohotlari orqali;
  • Yangi texnologik bo‘shliqlarni aniqlash va ushbu sohalarda innovatsiyalarga yordam beradigan ekotizimlarni yaratish.

Qiyinchilikni boshdan kechirayotganlar

Nihoyat, Afrika, Osiyo, Lotin Amerikasi va Janubiy Yevropa mamlakatlarini o‘z ichiga olgan oxirgi tarkib mavjud raqamli ekotizimdagi muammolar va past o‘sish bilan ajralib turadi. Ushbu zonadagi davlatlar raqamli o‘sishni iqtisodiy barqarorlik vositasi sifatida qo‘llashda rivojlanayotgan iqtisodlardan namuna olishlari kerak. Xususan, raqamli segmentga talab yuqori bo‘lgan muammoli iqtisodlarda quyidagi ustuvorliklar belgilanishi zarur:

  • Asosiy infratuzilma muammolarini hal qilish uchun uzoq muddatli investitsiyalar;
  • Raqamli mahsulotlar va xizmatlarning iste’molchilarga xavfsiz va keng tarqalishini qo‘llab-quvvatlovchi institutsional muhitni yaratish – ayniqsa, bu mahsulotlar ishlab chiqarish va ish o‘rinlarini yaratishga hissa qo‘shsa;
  • Aholining tarixan nochor qatlamlari uchun raqamli foydalanishni rivojlantirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash (ayniqsa, davlat-xususiy sherikchilik orqali);
  • Haqiqiy muammolarni hal qiladigan va shu tariqa raqamli vositalarni (masalan, raqamli to‘lov platformalari) tarqatish uchun katalizatorlik vazifasini o‘tovchi ilovalarni qo‘llab-quvvatlash.

Shohida Isroilova tayyorladi

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр