Elektron xizmatlar ulushini 70 foizga yetkazish ko‘zlanmoqda

Elektron xizmatlar ulushini 70 foizga yetkazish ko‘zlanmoqda

28 mart 2023

AOKAda Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos va boshqalar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2022 yil tizimda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, axborot-kommunikatsiya xizmatlari (aloqa va axborotlashtirish hamda kompyuter xizmatlari) hajmi 2021-yilga kelib 17.8 trln so‘mga yetdi. 2022 yilda esa bu ko‘rsatkich keskin oshib, 22.9 trln so‘m bo‘ldi. Raqamli iqtisodiyot sohasining YIMdagi ulushi 2019-yilda – 1.80 foiz, 2020-yilda – 1.99, 2021-yilda – 2.60, 2022-yilda – 2.77 foizni tashkil qildi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)dagi xizmatlar soni 2021-yil 300 tani (100 ta mobil ilovalar orqali) tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 370 (+70, 165 ta mobil ilovalar orqali) taga yetkazildi. Natijada aholining 36 mlrd so‘m mablag‘i tejalib, 70 dan ortiq hujjatlar so‘rovi bekor qilindi.

2023-yilda my.gov.uz portalidagi elektron davlat xizmatlari sonini 200 taga oshirib, 570 taga (265 tasi mobil ilovalar orqali) yetkazish rejalashtirilgan.

Elektron xizmatlar ulushi 2020-yilda 32 foizni (3.1 mln), 2021-yilda 54 foizni (8.4 mln), 2022 yilda 66 foizni (12.0 mln) tashkil qilgan. 2023-yilda bu ko‘rsatkichni 70 foizga (21 mln) yetkazish mo‘ljallangan. Shu davrda an’anaviy xizmatlar mos ravishda 68, 46, 34, 30 foizni tashkil qiladi.

Yagona portaldan foydalanuvchilar soni 2019-yilda 77 ming nafar bo‘lsa, 2020-yilda 372 mingni, 2021 yilda 1 mln.ni, 2022-yilda 4 mln.ni tashkil etgan. 2019-yilga qaraganda foydalanuvchilar soni 52 baravarga ortgan.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр