Esingizdami?...

Esingizdami?...

Yaqin 5-10 yillikda qishning izg‘irin sovug‘i-yu, yozning jaziramasiga qaramay davlat xizmatlarini olish eng ko‘p ovoragarchilik, ortiqcha vaqt va pul talab qiladigan jarayonlardan biri edi...

Ayniqsa, ko‘chmas mulk oldi-sotdisida notariusga yetib borguncha o‘nlab tashkilotlarga oylab qatnashga to‘g‘ri kelardi...

Avvaliga issiq suv, sovuq suv, gaz, elektr energiya kabi tashkilotlarning har biriga alohida borish, ariza yozib, qarzlarni to‘lash, hatto, hisoblagichlarni yechib, tekshirtirish uchun ko‘tarib yurish kerak edi... U yerdagi navbatlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi...

Orada mahallaga chiqib, raisning kelishi poylanardi. Undan ham ma’lumotnoma olinardi.

Keyin xonadonda ro‘yxatda turuvchilar haqida ma’lumot – Forma-17ga o‘tilardi. Faqat ma’lum bir kunlari ishlaydigan tegishli tashkilot zo‘rg‘a topib borilganida, yana uzoq navbatlarda qolishga to‘g‘ri kelardi.

Uyga egalik huquqini bildiruvchi ma’lumot olish uchun kadastr tashkiloti (BTI) eshigi yonida sarg‘ayishlar-chi... U yerda ham uzundan-uzun navbat, asabbuzarliklar. Shunda ham ish bitmasa, tanish-bilishchilik bo‘lardi.

Qaniydi, shunga yarasha notariusda ish oson bitsa... Hatto tanish ham tanimaganga oladi, hujjatlardan arzimagan xato topib, yana sarson qilinaverardi. 

Qizig‘i, bu jarayonga bir oydan ortiq vaqt ketishiga, bir parcha qog‘oz uchun lavozimdagilarga yalinishga hamma ko‘nikib ketgandi...

Bu bitta davlat xizmatini olishdagi ovoragarchiliklar edi...

Endi-chi?..

Hozir ham o‘sha-o‘sha deyishimiz noto‘g‘ri. Kommunal tashkilotlar, mahalla, pasport stoli, kadastrga qatnab, ma’lumotnomalar yig‘ib yurish yo‘q hozir... Barchasi tegishli organlarning axborot tizimlaridan avtomat tortib olinyapti...

Aynan “Elektron hukumat” tufayli bu sarsongarchiliklarga bosqichma-bosqich barham berilyapti. Raqamlashtirish ortidan 2022-yilning o‘zida aholi va tadbirkorlik sub’yektlaridan 73 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlar talabi bekor qilinib, davlat organlari ushbu ma’lumotlarni «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda oladigan bo‘lishdi.

Jumladan, 2022-yil boshidan beri Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da 70 dan ziyod yangi onlayn xizmatlar ishga tushirilib, umumiy elektron davlat xizmatlari soni 370 tadan oshirildi.

Xizmatlardan onlayn foydalanish ortidan aholining 36 mlrd.dan ortiq mablag‘lari iqtisod qilinishiga, yana davlat organlari faoliyatining tubdan yaxshilanishiga erishilmoqda.

Birgina ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga 16 ta vazirlik va idoralarning axborot tizimlaridan 52 turdagi ma’lumotlar elektron olinmoqda. Shuningdek, ushbu tizim orqali I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga my.gov.uz xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari uchun 50 foiz chegirma qo‘llanilib, 11 turdan ortiq hujjatlar talabi bekor qilingan.

2022-yilning 7 oyi davomida my.gov.uz orqali “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirishga 17,5 mingdan ortiq fuqaro ariza bergan. Kam ta’minlangan deb e’tirof etilganlik to‘g‘risida ma’lumotnoma olish xizmatidan esa 297,3 ming fuqaro foydalangan.

Shuningdek, 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar va odam immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka chalingan 18 yoshgacha bolalarga to‘lanadigan nafaqalarni hamda parvarishlash nafaqasini fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlarni talab etmagan holda “proaktiv shakl”da tayinlash tizimi joriy etilgan. Bugungi kunda mazkur tizim orqali 3 mingdan ortiq nafaqalar onlayn tayinlanib kelmoqda.

Qisqasi, davlat tashkilotlari so‘raydigan ma’lumotlarni masofadan – my.gov.uz portali orqali olish imkoniyati yildan-yilga ortib boryapti. Hujjat ishlarimiz oson, tez va qulay hal bo‘lyapti...

Ana endi o‘zingiz ayting, istasangiz, fikr va takliflaringizni bildiring (telegram bot va 1242 qisqa raqami orqali).

Shaxsan siz, hayotiy vaziyatlardagi mana shu yengilliklarni his qilib, my.gov.uz imkoniyatlaridan to‘liq foydalanyapsizmi?..

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр