

Davlat xizmatlaridan so‘nggi bor onlayn foydalangan respondentlarning 81 foizini ko‘rsatilgan xizmat sifati qanoatlantirdi. Biroq raqamli davlat boshqaruvi zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi deb hisoblovchilar ulushi atigi 15 foizni tashkil etdi.
Buning asosiy sabablaridan biri — har to‘rtinchi foydalanuvchi kerakli xizmatni boshidan oxirigacha to‘liq onlayn bitira olganidir. Bundan tashqari, hali ko‘plar qanday raqamli imkoniyatlarga ega ekanligidan bexabar.
Bular Germaniyadagi «eGovernment MONITOR 2026» ijtimoiy so‘rovnomasi natijalari. So‘rovnoma Initiative D21 tadqiqot markazi va Myunxen texnika universiteti (TUM) tomonidan Kantar konsalting agentligi ko‘magida o‘tkazildi. Helmut Krchmar — mazkur hisobot mualliflaridan biri, TUM faxriy professori, biznes-informatika mutaxassisi va Haylbronndagi TUM kampusi asoschi-dekani.
Raqamli davlat xizmatlari an’anaviy (eski) usullarga qaraganda ancha samarali — bugungi foydalanuvchilarning fikri shunday. Davlat idoralaridagi yumushlarini to‘liq yoki qisman onlayn hal qilgan fuqarolarning 81 foizini yakuniy natija mamnun qilgan. Oflayn (an’anaviy) shaklda xizmatdan foydalanganlar orasida bu ko‘rsatkich 64 foizni tashkil etgan. So‘rovda qatnashganlarning aksariyati raqamli tizim o‘zlari kutganidan ham qulayroq ekanini, keyingi safar ham albatta onlayn xizmatdan foydalanishini ta’kidlagan.
Biroq raqamli qulaylikdan hamma ham bahramand emas: so‘rovda qatnashganlarning yarmi oxirgi marta davlat idorasi xizmatidan to‘liq oflayn foydalanganini ma’lum qildi. Bularning orasida raqamli xizmat borligini bila turib oflayn xizmatga murojaat qilganlar juda oz. Ya’ni juda ko‘pchilik muayyan idoradagi xizmatning elektron shakli ham borligini bilmaydi yoki uni topa olmagan.
Hammayoqda raqamli texnologiyalar, lekin davlat idoralarida...
«eGovernment MONITOR» tadqiqotiga ko‘ra, raqamli texnologiyalar inson hayotining barcha jabhalarini egallab bo‘lgan paytda, davlat boshqaruvida negadir uncha «ko‘rinmayapti». Masalan, bank xizmatlaridan onlayn foydalanish ko‘pchilik uchun oddiy holga aylandi. Davlat idoralarda ham ayrim xizmatlar raqamlashtirildi, ulardan foydalanayotganlarning munosabati ham yomon emas, biroq buni tevarakdagi raqamli shiddatga aslo solishtirib bo‘lmaydi.
«Bugun pul o‘tkazish, manzilni o‘zgartirish yoki doimiy to‘lovlar uchun bank filialiga borishga hojat qolmadi, qulaylik ko‘nikmaga aylandi. Endi odamlar davlat idoralari ko‘rsatadigan xizmatlarga ham xuddi shunday talabni qo‘yishmoqda. O‘ziga kerakli onlayn xizmatni topib, ishini boshidan oxirigacha masofadan hal qilgan har bir fuqaro natijadan mamnun bo‘ladi. Ammo davlat onlayn xizmatlari bugun kundalik hayotimizni sezilarli darajada yengillashtiryapti deyishimizga hali erta», — dedi Initiative D21 bosh direktori Lena-Sofi Myuller.
Odamlar nima kutmoqda va olmoqda?
So‘rovda qatnashganlarning deyarli uchdan ikki qismi raqamli davlat xizmatlari xususiy sektordagi muqobil tizimlar kabi oddiy va tushunarli bo‘lishini xohlaydi. Shuningdek, ular mavjud onlayn xizmatlar haqida tizimli ravishda xabardor qilinishni hamda ish samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalar faol joriy etilishini kutmoqda. Hozircha faqat 15 foiz respondentgina ushbu talablar to‘liq bajarilayotganini ta’kidlagan, xolos. Oxirgi marta davlat idorasiga ishi tushganlarning atigi to‘rtdan bir qismi o‘z muammosini to‘liq onlayn tarzda yakunlay olgan.
«Davlat idorasi bilan amalga oshirilgan har bir muvaffaqiyatli raqamli muloqot tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Biroq umumiy manzarani butkul o‘zgartirish uchun bunday ijobiy tajriba ommaviy tus olishi zarur. Modomiki, hozir fuqarolarning faqat to‘rtdan bir qismi o‘z ishini boshidan oxirigacha elektron shaklda bitira olyapti — bunday kichik oqim bilan tizimli o‘zgarishni kutmasak ham bo‘ladi», — deya xulosa qildi professor Helmut Krchmar.