“Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–286-son, 16.09.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish tizimni 2025–2026-yillarda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
2025-yil 1-noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali YIDXP (Yagona portal)dagi pulli elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
2025-yil 1-dekabrdan nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026-yil 1-yanvardan fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaati, mahallalardagi oilalar va aholi ma’lumotlarini yuritish hamda mahallalarda aholi bilan ishlash jarayonlari “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.