O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Indoneziya raqamli transformatsiya orqali 84 milliard dollarni tejamoqchi

Indoneziya raqamli transformatsiya orqali 84 milliard dollarni tejamoqchi

16 iyul 2026

Indoneziya hukumati davlat texnologiyalari (GovTech) sohasidagi keng ko‘lamli transformatsiya dasturi orqali 84 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ni tejashni maqsad qilgan.

Bu haqda mamlakat Raqamli transformatsiyani jadallashtirish qo‘mitasi raisi Luhut Binsar Panjaitan ma’lum qildi.

Uning aytishicha, kutilayotgan iqtisodiy samara davlat xizmatlarini o‘zaro integratsiya qilish, ijtimoiy yordamni yanada aniq va manzilli taqsimlash hamda davlat boshqaruvi jarayonlarini soddalashtirish hisobiga ta’minlanadi.

Raqamli transformatsiya — Indoneziya prezidenti Prabovo Subiantoning ustuvor dasturlaridan biri. U sun’iy intellekt imkoniyatlariga tayanuvchi raqamli hukumatni barpo etishga kirishgan.

Ayni paytda sakkizta vazirlik va davlat idorasining ma’lumotlari yagona tizimga integratsiya qilingan bo‘lib, ular sun’iy intellekt yordamida qayta ishlanmoqda. Shu bilan birga, Milliy kiberxavfsizlik va kriptografiya agentligi (BSSN) ko‘magida kiberxavfsizlik choralari ham izchil kuchaytirilmoqda.

Dastlab Banyuvangi hududida sinovdan o‘tgan loyiha endilikda 43 ta tuman va shaharda amalga oshirilmoqda. Ayrim hududlarda, xususan Surabayya shahrida, dastur kutilganidan tezroq rivojlanmoqda. Shu bois, uni butun mamlakat bo‘ylab joriy etishdan avval yuzlab tuman va shaharlarga kengaytirish rejalashtirilgan.

«Biz qimmat dasturiy ta’minotni sotib olmayapmiz yoki xorijdan import qilmayapmiz. Aksincha, vazirliklar va davlat idoralarida hozir qo‘llanilayotgan 27 mingga yaqin axborot tizimini o‘zaro integratsiya qilyapmiz», — dedi Luhut Binsar Panjaitan.

Mazkur tashabbus ijtimoiy yordamni yanada manzilli yetkazish va korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirish bilan birga, Indoneziyaning soliq tushumlari ulushini hozirgi taxminan 9 foizdan 11–13 foizgacha bosqichma-bosqich oshirishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatni mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha ASEAN (Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi) davlatlari darajasiga yaqinlashtirishi kutilmoqda.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр