Bugun, 28-avgust kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda inklyuziya masalalariga bagʻishlangan muhim tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirning ochilish qismida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov soʻzga chiqib, inklyuziv jamiyat qurish yoʻlidagi hamkorliklar bugungi kunning dolzarb va ahamiyatli masalalaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Shundan soʻng, ijtimoiy himoya sohasiga doir bir qator muhim taqdimotlar tinglandi. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslarni ish bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va soha faoliyatiga oid maʼlumotlar berildi. Nogironlarni kasb-hunarlarga oʻrgatish boʻyicha tajribalar almashildi.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimi Abdulaziz Salimovning “Yagona portalda inklyuzivlik va raqamli sharoitlar” mavzusidagi taqdimoti esa my.gov.uz portalini barcha uchun oson va qulay qilish borasida yuqori samaradorlikka erishilayotganini koʻrsatdi.
Tadbir davomida, shuningdek, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi ham tashkil etildi.
Mazkur tadbir inklyuziv jamiyat qurish yoʻlidagi hamkorlikning yorqin namunasi boʻldi. Va bu nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot sifatini yaxshilash va ularning jamiyatga toʻlaqonli integratsiyalashuviga xizmat qiladi degan umiddamiz.