

2026-yilning oxiriga borib, dekabr oyidan Janubiy Koreyaning har bir fuqarosi mahalliy modellar asosida yaratilgan universal sun’iy intellekt chat-boti hamda davlat xizmatlari agentidan mutlaqo bepul va hech qanday cheklovlarsiz foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Ushbu tizimlarning xodimlarni ishga qabul qilish, kredit ajratish hamda davlat xizmatlari sohasiga ko‘rsatadigan ta’sirini baholash mezonlari hali ishlab chiqish jarayonida. Koreyslar loyihaning aynan shu qismida AQSh bilan hamkorlik qilish juda muhim deb hisoblashmoqda.
Mamlakat prezidenti Li Chje Myon ushbu tashabbusni amalga oshirishni shu yilning iyulida San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt bo‘yicha sammitda boshladi. Uning maqsadi — Janubiy Koreyani AQSh va Xitoydan keyin uchinchi o‘rindagi eng yirik sun’iy intellekt davlatiga aylantirishdir.
Janubiy Koreya rahbari ulkan rejani muvaffaqiyatli uddalash uchun uchta asosiy ustunga ishonmoqda:
Li Chje Myon «Sun’iy intellekt bo‘yicha San-Fransisko deklaratsiyasi»da ta’kidlashicha, Janubiy Koreya inson qadriyatlariga asoslangan holda ushbu texnologiyalarni turli tarmoqlar va kundalik hayotga qanday integratsiya qilishni butun dunyoga ko‘rsatib beradi. Bunda «Hamma uchun sun’iy intellekt» tamoyili bosh mezon etib belgilangan bo‘lib, u har bir fuqaroning tizimdan foydalana olishini, davlat idoralariga raqamli texnologiyalarning tatbiq etilishini hamda Samsung va SK Hynix chiplari qatorida modellar, ilovalar va robototexnika sohasini iqtisodiy o‘sishning ikkinchi harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishni ko‘zda tutadi.
«Hamma uchun sun’iy intellekt» dasturi rasmiy Seulning oxirgi avlod davridagi eng yirik tavakkalona sanoat siyosatidir. Prezident mahalliy suveren koreys modelini yaratishda bir nechta vatandosh konsorsiumlarni qo‘llab-quvvatladi. Sammit davomida prezident ma’muriyati Amerika va Janubiy Koreya kompaniyalari o‘rtasida yarimo‘tkazgichlar yetkazib berish va ishlab chiqarish bo‘yicha besh yilga mo‘ljallangan, umumiy qiymati 950 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi sheriklik kelishuvini e’lon qildi.
Bundan tashqari, mamlakatda bir necha gigavatt quvvatga ega sun’iy intellekt ma’lumotlar markazlari barpo etilmoqda. Davlat rahbari kemasozlik, mikrosxema va avtomobilsozlikka urg‘u bergan avvalgi prezidentlardan farqli o‘laroq, bor e’tiborini ushbu sohaga qaratmoqda. Agar bu tashabbus muvaffaqiyat qozonsa, Koreya o‘z iqtisodiyoti, mehnat bozori va milliy xavfsizligini shakllantiradigan xususiy texnologik modellariga ega bo‘lib, AQSh va Xitoy singari o‘z kelajagini mustaqil belgilaydigan sanoqli davlatlar qatoridan joy oladi.
Janubiy Koreya soha qonunchiligida ham ancha ilgarilab ketdi. 2024-yilning dekabr oyida Milliy assambleya tomonidan qabul qilingan Sun’iy intellekt asoslari to‘g‘risidagi qonun 2026-yilning yanvar oyida to‘liq kuchga kirdi. Natijada Janubiy Koreya ushbu sohada keng qamrovli yaxlit qonun ishlab chiqqan dunyodagi birinchi davlatga aylandi.
Mamlakatda Sun’iy intellekt xavfsizligi instituti (AISI) tashkil etildi. Yangi qonunchilik yuqori unumdorlikka ega tizimlar uchun qo‘shimcha xavfsizlik choralarini talab qiluvchi hisoblash quvvati chegarasini belgilaydi. Shuningdek, energetika, sog‘liqni saqlash, xodimlarni ishga olish, davlat xizmatlari va atom energetikasi kabi o‘nta muhim sohada xavf-xatarlarni boshqarish majburiyatini yuklaydi.
Taqqoslash uchun: 2024-yilda dunyoda birinchi bo‘lib tegishli hujjatni qabul qilgan Yevropa Ittifoqi yuqori xavfli loyihalar bilan ishlash majburiyatlarini 2027-yilning dekabrigacha kechiktirdi. AQShda esa umumiy qonunchilikning o‘zi mavjud emas. Amalda ishlayotgan qonunlar ko‘rsatkichi bo‘yicha Janubiy Koreya yetakchilik qilmoqda va ushbu sohada rivojlanish hamda xavfsizlikni qanday qilib bir vaqtda ta’minlash mumkinligini siyosiy yondashuv orqali isbotlamoqda.