O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Kanada saboqlari: Internetdagi xizmat — to‘liq raqamlashtirish degani emas

Kanada saboqlari: Internetdagi xizmat — to‘liq raqamlashtirish degani emas

12 sentyabr 2026

Ko‘pchilik davlat xizmatlarini internetga ko‘chirishni raqamlashtirish deb o‘ylaydi. Ammo yangi sayt yaratib, unga barcha ma’lumotlarni joylash — bu hali haqiqiy transformatsiya emas. Xo‘sh, dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri — Kanada raqamli hukumat qurishda qanday «yashirin to‘siqlar»ga duch kelmoqda va biz undan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?

Raqamli hukumatda xizmatlarni internetga ko‘chirish oson, ammo ishning eng qiyini keyin boshlanadi — butun jarayonni foydalanuvchi uchun sodda, tez va xavfsiz qilish. Kanada hukumati raqamlashtirishda asosiy e’tiborni shu muammolarga qaratmoqda.

Kanada BMTning raqamli hukumat rivojlanishi indeksida 2024 yilda 17-o‘rinni egallagan. Mamlakat bu yo‘nalishda ideal tizim qurishga hali erishmaganini va mavjud muammolarni ochiq tan oladi. Mamlakatning «Digital Ambition» strategiyasida raqamli transformatsiya yangi saytlar yoki ilovalar yaratishdan ko‘ra kengroq jarayon ekanligi ko‘rsatilgan. Uning markazida uchta omil — siyosat, inson va texnologiya turadi. Maqsad — davlat xizmatlarini fuqarolar ehtiyojiga moslashtirish, ma’lumotlardan samarali foydalanish, texnologiyalarni xavfsiz joriy etish va davlat xizmatchilarini yangi muhitga tayyorlashdir.

Raqamli hukumat xizmatlar soni bilan baholanmaydi

E’tirof etish kerakki, Kanada aholisining davlat bilan munosabatlari sezilarli darajada raqamli muhitga ko‘chgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kanadaliklarning 77 foizi davlat organlari bilan onlayn aloqa o‘rnatgan, ularning 60 foizi esa bu imkoniyatdan so‘nggi bir yil ichida foydalangan. Ayniqsa, pandemiyadan keyin onlayn platformalar davlat xizmatlarini olishning asosiy vositasiga aylandi. Ma’lumot uchun: mamlakat aholisi — 41,4 mln kishi.

Biroq tanganing orqa tomoni ham bor. Masalan, 2022–2023 yillarda davlat bilan muloqotlarning 50,6 foizi onlayn formatda bo‘lsa-da, xizmatlarning atigi 22,5 foizi boshidan oxirigacha to‘liq elektron shaklda ko‘rsatilgan. Ya’ni kanadalik internet orqali murojaat qila oladi, ammo jarayonni to‘liq onlayn yakunlash imkoniyati hali ham cheklangan.

Bu raqamli transformatsiya jarayonidagi eng muhim jihatlardan birini yaqqol ko‘rsatadi: xizmatning onlayn bo‘lishi hali uning to‘liq raqamlashganini anglatmaydi. Bu shunchaki elektron shakl (PDF yoki so‘rovnoma)ni saytga joylashtirish — raqamlashtirishning eng oddiy, ibtidoiy bosqichi. Chinakam raqamli xizmat esa fuqarodan ortiqcha ma’lumot talab qilmaydi, idoralararo jarayonlarni o‘zaro integratsiya qiladi va yakuniy natijagacha bo‘lgan yo‘lni to‘liq avtomatlashtiradi.

Kanada raqamlashtirish strategiyasida kelgusida aynan shu sifat o‘zgarishi maqsad qilingan.

Raqamli hukumatning to‘rt ustuni

Kanadaning raqamli hukumat strategiyasi to‘rtta ustunga qurilmoqda:

  • Foydalanuvchiga yo‘naltirilganlik: Xizmatlar qulay, ishonchli va ochiq bo‘lishi.
  • Ma’lumotlar ustuvorligi: Axborot va ma’lumotlar sifatli xizmat ko‘rsatish hamda to‘g‘ri qaror qabul qilishda poydevor vazifasini bajaradi.
  • Texnologik mukammallik: Innovatsiyalar, yuqori samaradorlik va kiberxavfsizlikning ta’minlanishi.
  • Inson kapitali: Davlat xizmatchilarining raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lishi va transformatsiya jarayonlariga tez moslashishi.

Ko‘rinmas infratuzilma

Kanada hukumati ma’lumotlarni xizmatlar sifatini oshirish va strategik qarorlar qabul qilishning bosh vositasi sifatida ko‘radi. Davlat tomonidan qaysi ma’lumotlar yig‘ilayotgani, ulardan kimlar foydalana olishi (kirish huquqi), ma’lumotlarning aniqligi va sifati qanday ta’minlanishi hamda ularni xizmatlarni rivojlantirishga yo‘naltirish mexanizmlari — bugungi raqamli transformatsiyaning markaziy masalasiga aylangan.

Bunday yondashuv fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda ham o‘z aksini topadi. Agar muayyan bir idorada mavjud ma’lumot boshqa davlat xizmati uchun ham talab etilsa, uni fuqarodan qayta so‘rash zarurati qolmasligi kerak. Kanada hukumati ushbu amaliyotni «ma’lumotni bir marta berish» tamoyili asosida joriy etmoqda.

Biroq ma’lumotlar almashinuvi xavfsiz va ishonchli tarzda yo‘lga qo‘yilmasa, raqamli davlat tizimining o‘zi yangi va jiddiy muammoga aylanishi hech gap emas. Shu sababli, ma’lumotlar integratsiyasi bilan bir qatorda shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash, ma’lumot yig‘ish va uzatishni qat’iy nazorat qilish hamda fuqarolarga o‘z ma’lumotlaridan qanday foydalanilayotganini kuzatish (shaffoflik) imkonini berish kun tartibiga chiqmoqda.

Yashirin to‘siq

Kanada tajribasida diqqatni tortadigan jihat — yangi texnologiyalar emas, balki eski tizimlardir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mavjud davlat IT-ilovalarining atigi 38 foizi ishlashga yaroqli holatda deb baholangan. Qolgan tizimlarda esa texnik qo‘llab-quvvatlash imkoniyati cheklangan, boshqa platformalar bilan integratsiyalashuv murakkab, infratuzilma eskirgan yoki kiberxavfsizlik tizimida zaifliklar bor.

Bu muammoni shunchaki «yangi tizim yaratish» bilan bir zumda hal etib bo‘lmaydi. Chunki davlat boshqaruvida o‘nlab yillar davomida shakllangan dasturlar, ulkan ma’lumotlar bazalari va murakkab jarayonlar bor. Yangi raqamli xizmatlar esa ko‘pincha mana shu eskirgan tizimlar bilan ishlashga majbur.

Shu sababli dasturlarni yangilash, ilovalarni joylashtirish infratuzilmasini birlashtirish va texnologiyalarga kiritilayotgan investitsiyalar natijasini baholashga alohida e’tibor berilmoqda. Xulosa shuki, raqamli hukumatning tashqi ko‘rinishi qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, uning ortidagi infratuzilma eski bo‘lsa, tizimning rivojlanishi oqsashda davom etadi.

Yangi imkoniyatlar va qoidalar

Kanada raqamli hukumati sun’iy intellektdan (SI, AI) foydalanishga ustuvorlik bermoqda. Hukumat uning vositasida ish unumdorligini oshirib, ilmiy tadqiqotlar salohiyatini kengaytirmoqchi va shu orqali davlat xizmatlarini yaxshilashni maqsad qilgan. Bunda sun’iy intellektning noto‘g‘ri ma’lumot yaratishi, maxfiylik talablariga zid ishlashi yoki algoritmik og‘ishlarga moyillik ehtimollari ham e’tiborga olinadi.

Shuning uchun sun’iy intellektni raqamli hukumatga shunchaki «olib kirish» emas, uni boshqarish qoidalari ham ishlab chiqilmoqda. Raqamli hukumat strategiyasida federal davlat xizmati uchun SI strategiyasini ishlab chiqish, generativ AIdan foydalanish bo‘yicha qoidalar va avtomatlashtirilgan qaror qabul qilishga oid talablarni rivojlantirish belgilangan.

161 ta tashkilot — bitta raqamli ekotizim

Kanada hukumati raqamli ekotizimi har biri o‘z tizimlari hamda jarayonlariga ega 161 ta federal tashkilotni qamrab olgan. Tabiiyki, bunday tuzilmada umumiy raqamli standartlarni joriy qilish murakkab masala. Bir idorada ishlaydigan tizim boshqasining platformasi bilan mos kelmasligi mumkin. Shu bois Kanada modelida markazdan muvofiqlashtirish bosh masalaga aylanmoqda.

Eng yaxshi texnologiya ham uni ishlatadigan kadrlarsiz samarasiz

Dunyoda ma’lumotlar tahlili va kiberxavfsizlik kabi sohalarda raqamli mutaxassislarga talab yuqori bo‘lgan sharoitda davlat xususiy sektor bilan kadrlar uchun raqobatlashmoqda. Kanada ham bu jarayondan chet emas, shu sababli yangi raqamli kadrlarni jalb qilish bilan birga, mavjud davlat xizmatchilarini qayta tayyorlash va ularning ko‘nikmalarini oshirish strategiyaning to‘rtta asosiy yo‘nalishi qatoriga kiritilgan.

Ya’ni raqamli hukumat faqat IT-mutaxassislar bilan qurilmaydi. Raqamli ko‘nikmalar butun davlat xizmati madaniyatining bir qismiga aylanishi kerak. Davlat xodimi yangi tizimni ishlatishnigina emas, raqamli xizmatning fuqaro uchun qanday qurilishini ham tushunishi zarur.

Yuqori tezlikdagi internet — raqamli siyosatning ajralmas qismi

Raqamli davlatning eng zamonaviy portali ham interneti yo‘q fuqaro uchun ishlamaydi. Kanada telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni raqamli transformatsiyaning ajralmas qismi deb hisoblaydi. 2026 yil oxiriga qadar aholining 98 foizini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olish, 2030 yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. Hozirgi qamrov — 97,4 foizni tashkil etadi.

Qolgan qariyb 2,5 foiz garchi kichik raqam bo‘lib ko‘rinsa-da, ancha og‘ir mehnat talab qiladi. Chunki bu maydoni kattaligi bo‘yicha dunyodagi ikkinchi mamlakatning uzoq va borish qiyin bo‘lgan sovuq hududlaridir.

Xususan, 2026 yil 24 avgust kuni Kanada hukumati Ontariodagi beshta hudud, qolaversa, olisdagi 822 ta xonadonni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun 8,3 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilganini ma’lum qildi.

Raqamli hukumatni qanday o‘lchash mumkin?

Kanada raqamli hukumat modelining o‘rganishga loyiq tomonlaridan biri — ko‘rsatilayotgan xizmatlar natijasini o‘lchashga intilishdir. Bu borada xizmat standartlariga muvofiqlik, foydalanuvchilarning xizmatlardan qanoatlanishi, real vaqtda ochiq hisobot beruvchi xizmatlar ulushi, ma’lumotlardan xizmat sifatini yaxshilashda foydalanish, veb-saytlarning xavfsizligi va ulardan foydalanish imkoniyatlari kabi ko‘rsatkichlarga tayaniladi.

Bu yerda bir jihatga e’tibor qaratish kerak: natijani o‘lchash uchun davlat idoralariga navbatdagi yana bir hisobot topshirish majburiyati yuklanmaydi. Muvofiqlashtiruvchi tashkilot onlayndagi mavjud ma’lumotlardan foydalanadi. Raqamli hukumatning o‘zi ham raqamli boshqarilishi, hech qanday ortiqcha hisobotlarsiz, faqat bor ma’lumotlar asosida aniq natijani ko‘rish ko‘zlanmoqda.

Kanada tajribasidan xulosalar

Davlatning raqamli qobiliyati uning barcha qismlari — xizmatlar, ma’lumotlar, IT-infratuzilma, xavfsizlik, kadrlar va internet qamrovining bir-biriga qanchalik bog‘langaniga qarab belgilanadi. Kanada hali bu jarayonni yakunlagani yo‘q, shuning uchun ham kuchli o‘ntalikka kirmagan. IT-ilovalar yaroqliligi atigi 38 foiz, to‘liq onlayn xizmatlar 22,5 foiz ekani hamda raqamli mutaxassislar yetishmasligi hali juda katta ishlar oldinda ekanidan dalolat beradi.

Kanada tajribasi raqamli hukumat qurish — bu shunchaki zamonaviy sayt yoki chiroyli mobil ilova yaratish emasligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Haqiqiy transformatsiya — bu davlat idoralarining ichki tizimlarini to‘liq yangilash, ma’lumotlarni xavfsiz integratsiya qilish va eng muhimi, davlat xizmatchilarining dunyoqarashi hamda ko‘nikmalarini o‘zgartirishni talab qiladigan ulkan va uzluksiz jarayondir. Xizmatlarni onlayn formatga o‘tkazish — bu yo‘lning boshlanishi, xolos. Chinakam raqamli davlat esa fuqaro ortiqcha ovoragarchiliksiz, «ko‘rinmas infratuzilma» ko‘magida o‘z muammosini bir necha soniyada hal eta oladigan tizimdir.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр