O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
Kelajak chempionlarini texnologiyalar aniqlaydimi?

Kelajak chempionlarini texnologiyalar aniqlaydimi?

22 iyul 2026

O‘zbekistonda sportga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotgan bir pallada, sohani raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xo‘sh, bu yo‘nalishda aholi uchun qanday qulayliklar yaratildi?

Bugun shu va boshqa muhim savollarga Sport vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Navro‘z Shoymardonovdan javob olamiz.

— Bugungi kunda fuqarolarimiz uydan chiqmagan holda, oddiy telefon orqali sport yo‘nalishidagi qaysi xizmatlardan foydalanishlari mumkin?

— Bugungi kunda sport sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida juda katta ishlar olib borilmoqda. Oxirgi besh yilda davlat xizmatlarini ko‘rsatish ko‘rsatkichi uch baravarga oshdi. Hozirda 20 ga yaqin elektron davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularning oltitasi proaktiv shaklda ko‘rsatiladi.

Vazirlik tizimida ERP Sport yagona elektron boshqaruv tizimi doirasida 24 ta axborot tizimi ishlab turibdi. Ulardan biri davlat xizmatlari axborot tizimi bo‘lib, u Elektron hukumat doirasidagi boshqa vazirlik va idoralarning tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilingan.

Hukumatimizning 2025-yildagi tegishli qaroriga muvofiq, trenerlar, o‘qituvchilar, yo‘riqchilar, uslubchilar hamda sport hakamlariga malaka toifalarini berish xizmatlari to‘liq proaktiv shaklga o‘tkazildi. Bu tizim inson omilisiz, mavjud ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda xizmat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali bir qancha xizmatlar taqdim etilmoqda. Xususan, sportchilarga sportchi pasportini berish, sport ta’lim muassasalariga onlayn qabul qilish va bir muassasadan boshqasiga ko‘chirish, sportchilarga razryad va unvonlar berish, shuningdek, sport sinovlarini topshirish uchun ariza yuborish kabi imkoniyatlar mavjud. Shu bilan birga, my.sport.uz portali orqali sportchilar o‘z imtiyozlarini va erishgan natijalarini tekshirishlari mumkin.

Vazirligimizning tahlil markazida maxsus dashbord platformasi yaratilgan. Ushbu platforma orqali ERP Sport tizimidagi barcha statistik va tahliliy ma’lumotlar, jumladan, sportchilar soni, ko‘rsatilayotgan xizmatlar va xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida monitoring qilib boriladi.

— Vazirlik tomonidan ko‘plab xizmatlar my.gov.uz portaliga integratsiya qilinganini aytdingiz. Xo‘sh, yurtdoshlarimiz ushbu onlayn imkoniyatlardan qay darajada foydalanishmoqda? Bu borada monitoring olib boriladimi?

— Albatta, har bir elektron davlat xizmati uchun vazirlikda, hududiy boshqarmalarda va sport ta’lim muassasalarida mas’ul xodimlar doimiy faoliyat yuritadi.

Misol uchun, proaktiv xizmatlar yo‘lga qo‘yilgunga qadar bir yil davomida 500 ga yaqin oliy toifali trener malaka toifasini olgan bo‘lsa, yangi tizim ishga tushgach, bu ko‘rsatkich ikki baravarga oshdi va 1000 ga yaqinlashdi. Shundan 700 dan ortig‘i trener va o‘qituvchilarga, 250 dan ziyodi esa hakamlarga to‘g‘ri keladi.

Barcha statistik ma’lumotlar, kelib tushgan arizalar soni va ularning ko‘rib chiqilish jarayonlari my.gov.uz va my.sport.uz portallarida onlayn tarzda aks etib turadi. Raqamlashtirish va sertifikatlashtirish markazimiz qoshida fuqarolarga ko‘maklashish uchun maxsus koll-markaz ham tashkil etilgan.

— Ota-onalarni eng ko‘p qiziqtiradigan masalalardan biri farzandlarini sport to‘garaklariga yoki sport maktablariga joylashtirish. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi?

— Ota-onalar farzandlarini sport to‘garaklariga yoki sport ta’lim muassasalariga qabul qilish uchun arizalarni onlayn tarzda yuborishlari mumkin. Bu jarayon Hukumatimizning 2023 yil 3 noyabrdagi 583-son qarori bilan tasdiqlangan reglament asosida ishlaydi.

Ota-onalar yoki 18 yoshga to‘lgan sportchilar yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn ariza topshirishlari mumkin. Shuningdek, o‘quvchilarni bir sport muassasasidan boshqasiga ko‘chirish ham elektron shaklda amalga oshiriladi. Bu tizim byurokratik to‘siqlarni kamaytiradi, navbatlarning oldini oladi va shaffoflik hamda adolat prinsiplarini ta’minlaydi.

— Bugungi kunda aholi o‘z hududida joylashgan davlat tasarrufidagi sport inshootlari, ulardagi imkoniyatlar va sharoitlar haqida ma’lumot olishi uchun maxsus dasturlar bormi?

— Ha, buning uchun my.sport.uz sport sohasidagi interaktiv xizmatlar portali faoliyat ko‘rsatmoqda. Fuqaro portalga kirib, o‘z geolokatsiyasini yoqsa, tizim unga eng yaqin bo‘lgan sport inshootlari ro‘yxatini va joylashgan manzilini ko‘rsatadi.

Inshoot tanlanganidan so‘ng, undagi bo‘sh sport turlari, mashg‘ulot o‘tadigan trenerlar, yaratilgan shart-sharoitlar va fotosuratlar bilan tanishish mumkin. Ma’qul kelgan sport turi tanlangach, o‘rnatilgan tartibda davlat xizmatlari orqali o‘sha muassasaga mashg‘ulotlarga borishni yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

— Sport sohasiga ajratilayotgan milliardlab mablag‘lar, sport inshootlari qurilishi va jihozlar sotib olinishi jarayonlari raqamlashtirish orqali qanday nazorat qilinmoqda?

— Moliyaviy xarajatlarni to‘g‘ri va maqsadli sarflanishini nazorat qilish juda muhim. Shu bois, ERP Sport yagona elektron boshqaruv tizimi doirasida alohida moliya axborot tizimi ishlab chiqilgan.

Bu tizim mablag‘larni rejalashtirish va moliyalashtirishdan tortib, sport tadbirlarida sportchilar va hakamlarning ishtiroki, musobaqa natijalarini tizimga kiritish va sarflangan mablag‘lar bo‘yicha hisobotlarni vazirlikka elektron tarzda taqdim etishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oladi. Bu esa tizimning to‘liq shaffof va doimiy nazoratda bo‘lishini ta’minlaydi.

— Davlat tasarrufidagi muassasalarda faoliyat yuritayotgan murabbiylarning ish samaradorligi qanday baholanadi? Raqamlashtirish bu savolga javob bera oladimi?

— Albatta. ERP Sport tizimi nafaqat Sport vazirligi, balki sport sohasidagi barcha tashkilotlar, jumladan, 200 dan ortiq federatsiya va assotsiatsiyalar, Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi kabi hamkor tashkilotlar tomonidan ham faol qo‘llaniladi.

Tizim tarkibidagi Reyting axborot tizimi sportchilar, murabbiylar va sport muassasalari faoliyatini baholash imkonini beradi. Sport muassasalari 20 ga yaqin aniq mezonlar asosida avtomatik tarzda baholanib, yashil, sariq va qizil toifalarga ajratiladi. Yashil toifadagilarning tajribasi o‘rganilsa, qizil toifadagi muassasalarning kadrlar, infratuzilma yoki inventarlar bilan bog‘liq muammolari aniqlanib, ularni bosqichma-bosqich hal etish choralari ko‘riladi.

— Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari barcha sohalarga kirib bormoqda. Sport vazirligi tizimida bu texnologiyalar qanchalik tatbiq etilmoqda?

— Bu juda dolzarb masala. Sport sohasida ham sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash boshlandi va yil yakuniga qadar ikkita yirik loyihani amalga oshiramiz.

Birinchisi — sport mashg‘ulotlarida davomat va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan Face ID tizimi. Murabbiylar sportchi-o‘quvchilarning davomatini ushbu tizim orqali amalga oshiradilar. Mashg‘ulotlarning real vaqt rejimida o‘tilayotganligi Tahlil markazi tomonidan monitoring qilinadi. Hozirda tizim sinovdan o‘tkazilmoqda.

Ikkinchi loyihamiz — sohada to‘plangan katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data) asosida ishlaydigan chat-botlarni ishga tushirishdir. Bu chat-bot foydalanuvchilarga tezkor qaror qabul qilishda va o‘zlarini qiziqtirgan muhim savollarga ma’lumotlar bazasi tahlili asosida zudlik bilan javob olishda ko‘maklashadi.

 — 2030-yilgacha O‘zbekistonda raqamlashtirish va sun’iy intellektni keng joriy etish bo‘yicha katta maqsadlar belgilangan. Sport yo‘nalishida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

— Asosiy maqsadimiz mavjud 24 ta axborot tizimini yanada takomillashtirish va tizimga sun’iy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich keng joriy etishdir. Tizimlar foydalanuvchilarning talablari asosida doimiy rivojlantirib boriladi. Kelgusi yillarda aholi, sportchilar va soha xodimlari uchun manfaatli bo‘lgan yangi yirik sun’iy intellekt loyihalarini hayotga tatbiq etishni rejalashtirganmiz.

— Ba’zan yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda hakamlar qaroridan norozilik yoki adolatsizlik holatlari uchrab turadi. Bunday vaziyatda ota-onalar yoki sportchilar qayerga va qanday tartibda murojaat qilishlari mumkin?

— Har bir sport musobaqasining o‘z nizomi va o‘tkazilish tartibi bo‘ladi. Nizomda hakamlar qarori yuzasidan apellyasiya berish va masalani qayta ko‘rib chiqish tartibi aniq belgilab qo‘yiladi. Nohaqlik yoki tushunmovchiliklar yuzaga kelganda, ishtirokchilar o‘rnatilgan tartibda hakamlar hay’atiga murojaat qilishlari lozim. Biz o‘z navbatimizda natijalar tizimga haqqoniy kiritilishi uchun texnik ko‘maklashamiz. Bugungi kunda o‘tkazilayotgan Prezident olimpiadasi, talabalar va xotin-qizlar olimpiadalari kabi ko‘p bosqichli musobaqalarning har bir bosqichida mas’ullar mavjud bo‘lib, barcha jarayonlar nizom talablari asosida tartibga solinadi.

 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр