26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan raqamli hukumat sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan raqamli hukumat sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

23 iyun 2026

2026-yil 23-iyun kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida Koreya Respublikasi Milliy Axborot Jamiyati Agentligi (NIA) Katta vitse-prezidenti Kyungmee Jang boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda Markaz direktori Anvar Mansurov hamda ikki tomon vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida raqamli hukumat sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Tomonlarga Koreya–O‘zbekiston Raqamli hukumat hamkorlik markazining (DGCC) asosiy faoliyat yo‘nalishlari, uning ikki davlat o‘rtasidagi tajriba almashinuvi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdagi o‘rni haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, delegatsiyaga mamlakatimizda elektron davlat xizmatlarini joriy etish bosqichlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali faoliyati, raqamli hujjatlar tizimi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekistonning pozitsiyalari izchil yaxshilanib borayotgani haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

NIA vakillari O‘zbekistonda raqamli hukumatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalarni yuqori baholab, mamlakatning so‘nggi yillardagi yutuqlari Koreya tajribasi bilan uyg‘un ravishda rivojlanayotganini ta’kidladilar.

Uchrashuv davomida DGCC doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qo‘shma loyihalar, mutaxassislar salohiyatini oshirish dasturlari, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar Koreya–O‘zbekiston Raqamli hukumat hamkorlik markazi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirib, kelgusida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashdilar.

Yakunda raqamli hukumat sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni samarali amalga oshirish bo‘yicha yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр