

2026-yil 25-avgust kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida Koreya Respublikasining Korea Institute of Public Administration (KIPA) hamda GSI Consulting vakillaridan iborat ODA dasturlarini baholash guruhi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Koreya Respublikasi Bosh vazir kotibiyati topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirilayotgan “Evaluation of Multi-Regional ODA Programs” tadqiqoti doirasida tashkil etildi.
Muloqot davomida Koreya-O‘zbekiston Raqamli hukumat hamkorlik markazi (DGCC) loyihasining tashkil etilishi, faoliyati va amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Shuningdek, loyiha doirasida ko‘rsatilgan ko‘maklarning O‘zbekiston raqamli hukumati ehtiyojlariga muvofiqligi hamda IT infratuzilmasining o‘ziga xos sharoitlarga moslashtirilishi muhokama qilindi.
Kelgusida DGCC faoliyatini kengaytirish, uning funksiyalarini rivojlantirish hamda ushbu muvaffaqiyatli modelni boshqa hudud va mamlakatlarda qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida loyiha hujjatlari, yillik baholash hisobotlari, topshirish rejasi va maslahat materiallarini o‘rganish masalalari kelishib olindi.
Mazkur tadbir Koreya Respublikasining ODA dasturlari doirasidagi raqamli hukumat loyihalari natijadorligini baholash va kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda muhim qadam bo‘ldi.