26 iyun - Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
Mahalla tizimini raqamlashtirish va ilmiy asosda rivojlantirish choralari muhokama qilindi

Mahalla tizimini raqamlashtirish va ilmiy asosda rivojlantirish choralari muhokama qilindi

22 iyun 2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda joriy yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani munosabati bilan aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, mahallalar infratuzilmasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada yil yakuniga qadar 1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizgacha tushirish maqsad qilingan.

Yil boshida infratuzilma, aholi turmush darajasi, biznes faollik va moliyaviy imkoniyatlari cheklangan 37 ta “ogʻir” tuman hamda 915 ta “ogʻir” mahalla bilan ishlash boʻyicha yangi tizim yaratilgan edi. Buning uchun barcha zarur mablagʻlar ajratildi.

Xususan, respublika budjetidan “ogʻir” tuman va mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun 12 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Bunga qoʻshimcha ravishda har bir shunday tumanga 50 milliard soʻmdan, har bir mahallaga 2 milliard soʻmdan mablagʻ berildi. Viloyat hokimliklari tomonidan ham mazkur 37 ta tumanning har biriga 10 milliard soʻmdan, 915 ta mahallaning har biriga esa 1 milliard soʻmdan mablagʻ ajratildi.

Natijada tuman hokimliklari va mahalliy kengashlar “ogʻir” tuman va mahallalar uchun qoʻshimcha yana 4 trillion soʻm mablagʻga ega boʻldi.

Taqdimotda mahallalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Respublika mahalla jamgʻarmasiga yana 200 milliard soʻm ajratilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, mahallalar uchun 300 milliard soʻmdan ziyod qoʻshimcha doimiy daromad manbalari yaratilmoqda.

Jumladan, mahalla hududida sanitariya va noqonuniy qurilish boʻyicha jarimalarning bir qismi mahalla budjetlariga yoʻnaltiriladi. Yer va mol-mulk soligʻidan tushadigan tushumlarning ulushi 10 foizdan 15 foizga oshiriladi. Boʻsh maydonlarni ijaraga berish va ayrim binolarni sotishdan tushadigan mablagʻlar ham mahallalarning oʻzida qoldiriladi.

Ushbu mablagʻlar birinchi navbatda ichki yoʻllarni taʼmirlash, piyodalar yoʻlakchalarini tashkil qilish, bolalar va sport maydonchalarini qurish, mahalla bogʻlarini barpo etish, ehtiyojmand oilalar bandligini taʼminlash boʻyicha dasturlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, jinoyat yoʻliga adashib kirib qolgan 245 ming fuqaroni kasb va hunarga oʻqitish, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish boʻyicha alohida ishlar tashkil qilinadi.

Taqdimotda mahallalar faoliyatini raqamlashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. “Mahalla yettiligi” tomonidan uyma-uy oʻrganishlar davomida 1 million 365 ming nafar aholining muammolari aniqlangani qayd etildi.

Ushbu muammolarni tezkor hal qilish maqsadida 35 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlari “Raqamli mahalla” platformasiga ulanadi. Platforma orqali mahalladagi dolzarb masalalarni aniqlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish va tegishli yechimlarni tezkor belgilash imkoni yaratiladi.

Shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali har bir mahalladagi eng dolzarb muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi.

Har bir mahallaning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqib, banklar bilan birgalikda aholining biznes tashabbuslari va investitsiya loyihalari portfeli shakllantiriladi. Bu mahalladagi mavjud imkoniyatlarni ish oʻrni va daromad manbaiga aylantirishga xizmat qiladi.

Taqdimotda mahalla faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, shu vaqtgacha mamlakatimizda tadqiq etilgan 20 mingga yaqin ilmiy ishning atigi 10 tasida mahallaga aloqador ayrim masalalar oʻrganilgan.

Shu munosabat bilan Mahallani rivojlantirish milliy institutini tashkil etish taklifi bildirildi. Institut faoliyati katta ilmiy salohiyatga ega Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan bogʻliq holda yoʻlga qoʻyiladi.

Yangi institut mahalla tizimidagi islohotlarni ilmiy tahlil qilish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish va ommalashtirish, “yettilik” faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Ushbu tizim orqali har yili 21 ming nafar mahalla tizimi va “yettilik” aʼzolarining malakasi oshiriladi.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari binolari masalasi ham muhokama qilindi. Bugungi kunda 99 ta mahalla oʻz binosiga ega emas, yana 84 tasining binosi shaharsozlik normalariga mos kelmaydi, 4 ta bino esa avariya holatida ekani qayd etildi.

Tadbirkorlar tomonidan mahalla binolarini xususiy sheriklik asosida qurish, binolarning bir qismiga “yettilik”ni bepul joylashtirish, qolgan qismida esa aholi bandligini taʼminlashga xizmat qiladigan kichik sexlar va servis obyektlarini tashkil etish taklif qilindi.

Prezidentimiz mazkur takliflarni qoʻllab-quvvatlab, mutasaddilarga “Raqamli mahalla” platformasini toʻliq ishga tushirish, mahallalarning doimiy daromad manbalarini kengaytirish, Mahallani rivojlantirish milliy instituti faoliyatini tashkil etish hamda mahalla binolarini xususiy sheriklik asosida barpo qilish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр