2024-yilning 22-may kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari ishtirokida fuqaro muhofazasi tayyorgarligi bo‘yicha favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish, qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmas avariya tiklov ishlarini olib borish, kutilmagan holatlarga duch kelinganda funksional vazifalarni amalda bajarishga qaratilgan taktik-maxsus mashqlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida Markazning fuqaro muhofazasi shtabi va tuzilmadagi guruh sardorlarining favqulodda vaziyatlarda qaror qabul qilish, bo‘ysunuvchilarni boshqarish va hujjatlarni ishlab chiqishda boshqaruv guruhi harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar olib borishiga alohida e’tibor berilib, malakalari oshirildi. Ayniqsa, mashqlar doirasida bo‘lib o‘tgan tibbiyot, o‘t o‘chiruvchilar va qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan tashkil etilgan mahorat darslari ishtirokchilarda katta tassurot qoldirdi.
Mashqlarga Markaz xodimlari bilan birgalikda favqulodda vaziyatlarda hamkorlikda harakatlanishi rejalashtirilgan tumandagi xizmatchilar, jumladan, maxsus avariya tiklov boshqarmasidan aloqachilar va tibbiyot bo‘limi, harbiylashtirilgan qo‘riqlash otryadi hamda boshqa huquqni muhofaza qilish vakillari jalb etildi.
“Taktik-maxsus mashqlarni tashkillashtirishdan asosiy maqsad Markaz xodimlarini favqulodda xavfli vaziyatlarga har doim ruhan tayyor bo‘lib, o‘z vazifalarini bajarishga shay turishi hisoblanadi”, – deydi Markazning Fuqaro muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi, taktik-maxsus mashqlar rahbari Narimon Raximov.
Tadbir davomida Markaz xodimlari favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralari hamda ekstremal sharoitlarda harakat qilish tartib- qoidalari haqida ham bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.