Bugun, 28-iyul kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazida xodimlar uchun “Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” kitobi muallifi, huquqshunos, serqirra ijodkor, taniqli bloger Otabek Mahkamov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Motivatsion ruhda o‘tgan uchrashuvda Otabek Mahkamov kitobiga jamlagan 100 uchrashuvning hech biri tasodifiy emasligini, unga 50 dan ortiq davlatlarga sayohat qilganida dunyoning eng muvaffaqiyatli insonlari bilan bo‘lgan tanishuvlari, har bir suhbatdosh kechinmalaridan olgan taassurotlari tahlilini, iqtiboslarni joylaganini ta’kidladi.
Bloger sifatida ham tanilgan mehmon O‘zbekistonda universitet ochish maqsadi, yoshlarga motivatsiya berish, ilhomlantirish kerakligi haqidagi tavsiyalari, muvaffaqiyatli shaxs bo‘lish sirlaridan biri bu – chet tili, hech bo‘lmaganda ingliz tilini bilish muhimligi, inson o‘zini boshqa yo‘nalishlarda ham sinab ko‘rishdan qo‘rqmasligi, dunyoqarash o‘sishi yo‘lida o‘qish, bilim olish, o‘rganish, izlanish, eng muhimi harakatdan to‘xtamaslik zarurligini o‘z hayotidagi misollarga bog‘lab tushuntirganida, ochig‘i hamma juda ta’sirlandi.
Xodimlarning bir-biridan qiziqarli savollariga aniq va lo‘nda, dalillar bilan aqlli javoblar olindi.
Uchrashuv yakunida eng qiziqarli savol egasiga Otabek Mahkamov tomonidan o‘sha mashhur – “Yuksaklik sari tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” kitobi taqdim etildi.