“Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan kimlar taqdirlanadi?

“Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan kimlar taqdirlanadi?

16 dekabr 2022

Joriy yilning 15-dekabr kuni “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” va “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasalari xodimlari ishtirokida navbatdagi huquqiy savodxonlik mashgʻuloti boʻlib oʻtdi.

Navbatdagi oʻquv darsi Vazirlar Mahkamasining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida “Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bagʻishlandi.

Qarorga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshayotgan, oʻz bilimi va salohiyati hamda yuqori darajadagi kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan soha xodimlari mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni va “Oʻz kasbining ustasi” belgisi taʼsis etilgan.

Ushbu mukofotlar hamda ularning guvohnomalarini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar esa mukofotlanayotgan shaxslar faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olingan.

“Mohir aloqachi” koʻkrak nishoni bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini koʻrsatishning yaxlit tizimini yaratish, davlat organlari va tashkilotlarining aholi bilan muloqot qilishida yangi mexanizmlarni joriy etish, pochta aloqasi xizmatlari va logistika tizimini modernizatsiya qilish ishlariga katta hissa qoʻshgan, oʻz bilim va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna boʻlgan, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kamida 15 yil mehnat stajiga ega boʻlgan fuqarolar taqdirlanadi.

Mazkur nishon bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

 “Oʻz kasbining ustasi” belgisi bilan esa axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat koʻrsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feldyeger kabi ommaviy kasb egalari oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan sohani rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnatlari uchun taqdirlanadi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр