O'zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi banneri
MyGDX platformasi Malayziya raqamli hukumatini qanday o‘zgartirmoqda

MyGDX platformasi Malayziya raqamli hukumatini qanday o‘zgartirmoqda

10 avgust 2026

MyGDX platformasi Malayziya davlat idoralari o‘rtasida xavfsiz ma’lumot almashishni ta’minlab, raqamli xizmatlar samaradorligini oshirmoqda. Platforma rahbari Aznul Nizom bin Nosir GovInsider nashriga tizimning ishlash tamoyillari, boshqaruvdagi o‘rni va kelgusi rejalari haqida so‘zlab berdi.

Bir million so‘rovni qayta ishlovchi «ko‘rinmas» tizim

Malayziyada universitetlarga qabul paytida davlat tizimlariga yuklama keskin oshadi. Shunday vaziyatda MyGDX platformasi soatiga milliondan ortiq so‘rovni muvaffaqiyatli qayta ishlaydi.

Jarayon foydalanuvchiga sezilmaydi. Tizim fon rejimida ishlab, UPU Online portali orqali ariza topshirgan abituriyentlarning imtihon natijalarini real vaqtda tekshirish imkonini beradi.

Aslida MyGDXning asosiy vazifasi ham shu — platforma davlat idoralari o‘rtasida ma’lumotlarni xavfsiz va uzluksiz almashishni ta’minlab, raqamli davlat xizmatlarining ortidagi asosiy infratuzilma vazifasini bajaradi.

Eng muhimi, ma’lumotlar yagona markazga ko‘chirilmaydi. Har bir davlat idorasi o‘z ma’lumotlari ustidan egalik huquqini saqlab qoladi, MyGDX esa ularning xavfsiz integratsiyasini ta’minlaydi. Bu davlat xizmatlarini turli tizimlar orqali emas, yagona raqamli muhitda ko‘rsatish imkonini yaratadi.

Bu yondashuv avvalgi amaliyotdan tubdan farq qiladi. Ilgari har bir davlat idorasi ma’lumot almashish uchun o‘z API interfeyslari va texnik yechimlarini mustaqil ishlab chiqar, ular esa turli standartlar va boshqaruv qoidalari asosida faoliyat yuritardi. Bu esa tizimlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni qiyinlashtirar edi.

Hozirgacha MyGDXdan 184 million marotaba foydalanilgan. Platforma ushbu natijalari uchun 2026 yilgi Innovation Awards tanlovida «Raqamli hukumat» yo‘nalishi bo‘yicha maxsus mukofot bilan taqdirlandi.

Fuqaro ma’lumotni faqat bir marta taqdim etadi

MyGDX konsepsiyasi «Bir marta taqdim etish» (Once-Only Principle) tamoyiliga asoslangan. Ya’ni fuqaro yoki tadbirkor davlat organlariga bir xil ma’lumotni qayta-qayta taqdim etishi shart emas. Agar ma’lumot davlatning boshqa axborot tizimida mavjud bo‘lsa, vakolatli idora uni MyGDX orqali avtomatik tarzda oladi.

Bu yondashuv davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ham o‘z samarasini beryapti. Masalan, MyGov Malaysia mobil ilovasi va MyGovernment portali orqali taqdim etiladigan xizmatlar ortida aynan MyGDXning ma’lumot almashish mexanizmi ishlaydi.

Ayni paytda MyGov mobil ilovasi MyGDX orqali 41 ta API (Application Programming Interface —ikki dastur yoki axborot tizimining bir-biri bilan standartlashgan tarzda ma’lumot almashishi uchun xizmat qiladigan interfeys) bilan integratsiya qilingan. Bu esa platforma kompleks raqamli davlat xizmatlarining muhim tarkibiy qismiga aylanganini ko‘rsatadi.

Yagona tizimni qurishning eng qiyin jihati

Raqamli davlat qurish uchun yagona platforma yaratishning o‘zi yetarli emas. Eng katta muammo — turli davlat idoralarida yillar davomida shakllangan, bir-biriga mos kelmaydigan axborot tizimlarini o‘zaro «gaplashtira olish».

Malayziya ham xuddi shu muammoga duch kelgan. Turli vazirlik va idoralar turli yillarda, har xil pudratchilar ishtirokida ishlab chiqilgan dasturlardan foydalanar, ma’lumot almashish uchun esa har biri o‘z API va texnik yechimlarini qo‘llardi. Bu esa ma’lumotlar aylanmasini sekinlashtirib, yagona raqamli xizmatlarni yo‘lga qo‘yishni qiyinlashtirar edi.

MyGDX xuddi shu muammoni hal qilish uchun ishlab chiqilgan. Platforma davlat idoralaridan mavjud axborot tizimlarini almashtirishni talab qilmaydi. Aksincha, ularni saqlab qolgan holda o‘zaro xavfsiz ma’lumot almashish imkonini yaratadi.

Buning uchun har bir ishtirokchi idoraga API-konnektor va xavfsizlik serveri o‘rnatiladi. Shu orqali idoralar o‘z ma’lumotlarini boshqa davlat organlari bilan bo‘lishishi yoki ulardan foydalanishi mumkin, biroq ichki axborot tizimlari o‘zgarishsiz qoladi.

Platforma turli texnik muhitlar bilan ishlashga moslashgan. U davlatning MyGovCloud bulutli infratuzilmasi, idoralarning o‘z ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari hamda xususiy bulutli yechimlar bilan birdek ishlay oladi. Bu esa raqamli transformatsiyani bosqichma-bosqich amalga oshirish imkonini bergan.

Barcha idoralar bir «til»da gaplashishi kerak

Turli tizimlarni o‘zaro bog‘lashning o‘zi muammoni hal qilmaydi. Agar bir idoradagi ma’lumot ikkinchisida boshqacha talqin qilinsa, integratsiya kutilgan samarani bermaydi.

Shu bois MyGDX davlat sektori uchun yagona Ma’lumotlar lug‘ati (DDSA — Data Dictionary for the Public Sector)ni joriy etgan. Unda ma’lumotlar bir xil atamalar, ta’riflar va formatlar asosida tavsiflanadi. Bu esa turli idoralardagi ma’lumotlarni bir xil mazmunda talqin qilish imkonini beradi.

Tizimning ishlashi MyGDX Governing Authority (GA) tomonidan muvofiqlashtiriladi. U reyestr, xizmatlar katalogi, ishonch xizmati va monitoring tizimini boshqarish bilan birga, platformaga ulangan barcha davlat idoralari uchun umumiy texnik standartlar va ishlash qoidalarini belgilaydi.

Ayni paytda platforma 400 dan ortiq faol APIni qo‘llab-quvvatlaydi. Maxsus monitoring tizimi ularning uzluksiz ishlashi, tezkorligi va axborot xavfsizligini doimiy nazorat qilib boradi.

Ishonchsiz integratsiya bo‘lmaydi

MyGDX platformasiga ulanish bir necha bosqichda amalga oshiriladi. Dastavval davlat idorasi rasmiy ariza topshiradi. Keyin mutaxassislar uning texnik tayyorligi, ma’lumotlarni boshqarish jarayonlari va axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholaydi.

Shundan keyin texnik integratsiya boshlanadi: raqamli sertifikatlar rasmiylashtiriladi, MyGDX komponentlari o‘rnatiladi, APIlar ishlab chiqiladi va sinovdan o‘tkazilgach, foydalanishga topshiriladi.

Platformada ma’lumotlar Point-to-Point (P2P) modeli asosida almashiladi. Bu degani, ma’lumotlar ochiq muhitga chiqmaydi va faqat ma’lumotni taqdim etuvchi hamda uni olish huquqiga ega bo‘lgan idoralar o‘rtasida uzatiladi.

Bu jarayon ochiq kalitlar infratuzilmasi (Public Key Infrastructure — PKI) orqali himoya qilinadi. Raqamli sertifikatlar ishtirokchilarning haqiqiyligini tasdiqlaydi, ma’lumotlar esa boshidan oxirigacha shifrlangan holda uzatiladi va raqamli imzo bilan himoya qilinadi.

Ma’lumotlar — alohida idoraning emas, davlatning boyligi

MyGDXning kelgusi rivojlanish bosqichi alohida platforma yaratishdan ko‘ra kengroq maqsadni ko‘zlaydi. Bu — mamlakat miqyosida yagona ma’lumotlar ekotizimini shakllantirishdir.

Uning asosida milliy ma’lumotlar ombori konsepsiyasi yotadi. Biroq bu ma’lumotlarni bir markazga jamlash degani emas. Aksincha, har bir davlat idorasi o‘z ma’lumotlarini avvalgidek o‘zida saqlashda davom etadi. Farqi shundaki, ular haqidagi ma’lumotlar yagona katalog orqali boshqariladi va qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa vakolatli davlat organlari uchun ham foydalanishga ochiq bo‘ladi.

Bu yondashuv ma’lumotlarni jismonan markazlashtirmaydi. Lekin davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan holatlarda ularni yagona tizim sifatida ishlatish imkonini yaratadi.

Buning ortida esa yana bir muhim g‘oya bor: raqamli davlat qurish uchun texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Davlat idoralarining ma’lumotlarga munosabati ham o‘zgarishi kerak.

Ko‘p yillar davomida ma’lumotlar muayyan idoraning ichki resursi sifatida qabul qilinib kelgan. Har bir tashkilot ularni asosan o‘z ehtiyojlari uchun yig‘ar, saqlar va boshqarardi. MyGDX esa boshqacha yondashuvni taklif qilmoqda. Ma’lumotlar bir idoraga tegishli bo‘lishi mumkin, ammo ulardan keladigan qiymat butun davlat tizimi uchun xizmat qilishi lozim.

Shuning uchun ham ma’lumotlar almashish masalasidagi asosiy to‘siq texnologiya emas, balki ishonchga bog‘liq muammo bo‘lib qolmoqda. Agar davlat idoralari ma’lumotlar qonuniy asosda, aniq qoidalar bo‘yicha va xavfsiz muhitda almashilayotganiga ishonsa, ular bu jarayonda faol ishtirok etadi.

«Ma’lumotlar o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun texnologiyaning o‘zi yetarli emas. Buning uchun davlat siyosati, boshqaruv tizimi, texnik arxitektura va tashkilotlar madaniyati o‘zaro uyg‘un ishlashi kerak», — deydi Aznul.

Uning aytishicha, 2025 yilda imzolangan «Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun shu ishonchni mustahkamlashga qaratilgan. Qonun davlat idoralarining vakolatlarini aniq belgilaydi, mas’uliyatni kuchaytiradi va ma’lumotlar almashinuvini yagona huquqiy asosga soladi.

Keyingi bosqich

Hozirgi kunda MyGDX platformasiga Malayziyaning 13 ta shtatidan 6 tasi ulangan. Yana ikki shtat integratsiya jarayonini yakunlamoqda.

Kelgusi bosqichda davlat idoralari sonini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, mavjud integratsiyalarni uyg‘unlashtirish va ma’lumotlar almashish imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalashtirilgan.

Maqsad MyGDXni mamlakatning ishonchli milliy ma’lumot almashish platformasiga aylantirishdir. Bu davlat idoralari ishini tezlashtirish barobarida, ularni fuqarolar uchun soddaroq, tezroq va qulay taqdim etish imkonini beradi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр