Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanish bo‘yicha aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun o‘quv seminarlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» 2022-yil 28-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturi bilan «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish choralarini ko‘rish belgilangan.
Joriy yilning 9–10-iyun kunlari To‘raqo‘rg‘on, Namangan, Uychi va Uchqo‘rg‘on tumanlarida o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Unda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi «Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi» mas’ullari Jahongir Topildiyev, Davron Ahmedov, viloyat hokimligi Elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi bosh mutaxassisi Zohidjon Abobakirov va boshqalar o‘z ma’ruza va tavsiyalari bilan ishtirok etishdi.
Mas’ullar tomonidan elektron hukumat, davlat xizmati, elektron raqamli imzo, My.gov.uz portali orqali davlat xizmatlaridan foydalanish uchun OneID identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tish, tizimdan foydalanishning ustunlik jihatlari, mobil ilovasi va undagi mavjud davlat xizmatlari, shaxsning o‘zini ishtirokisiz OneID tizimidan ro‘yxatdan o‘tilgan hollarda qanday xavfsizlik choralarini ko‘rish bo‘yicha tegishli ma’lumot va tavsiyalar berildi.
O‘quv seminarida hozirgi kunda portal orqali ko‘rsatilayotgan eng ommabop xizmatlar, ulardan foydalanish tartiblari to‘g‘risidagi savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.