

Rumah Pendidikan Indoneziyaga WSIS Prizes 2026 tanlovida «Elektron hukumat» yo‘nalishida ilk g‘alabani olib keldi. Bu yutuq raqamli transformatsiyaning mohiyati texnologiyaning o‘zida emas, balki u orqali fuqarolar uchun sodda, qulay va ishonchli davlat xizmatlarini yaratishda ekanini ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun: WSIS Prizes — Axborot jamiyati bo‘yicha Butunjahon sammiti (World Summit on the Information Society) doirasida o‘tkaziladigan xalqaro tanlov. BMTning Xalqaro elektraloqa ittifoqi (ITU) tomonidan tashkil etiladi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan eng yaxshi loyihalar e’tirof etiladi.
Ko‘p yillar davomida davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish ishga tushirilgan ilovalar soni, sarflangan mablag‘lar va texnologiyalar taraqqiyoti darajasi kabi miqdoriy ko‘rsatkichlar asosida baholab kelindi.
Biroq fuqarolarga hukumat qanday texnologiyalarni qo‘llayotganining umuman qizig‘i yo‘q.
Odamlarni oddiy narsalar o‘ylantiradi: davlat xizmatlaridan foydalanish osonlashdimi, ular tezroq ko‘rsatilyaptimi va eng muhimi, bu xizmatlar ularning hayotini yaxshilayaptimi?
Raqamli transformatsiya — ko‘proq ilovalar ishlab chiqish musobaqasi emas. Bu davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarni inson ehtiyojlariga mos, sodda va ishonchli davlat xizmatlari orqali yangicha shakllantirish jarayonidir.
Xizmatlardan foydalanish osonlashsa, ularning faoliyati ochiq-oshkora va odamlarning haqiqiy muammolarini hal eta olsa, davlat institutlariga ishonch ham ortib boradi.
Aksincha, o‘ta murakkab texnologiyalar hukumat bilan fuqarolar o‘rtasidagi jarlikni yanada chuqurlashtiradi.
2026-yil 9-iyul kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Axborot jamiyati bo‘yicha Butunjahon sammiti (WSIS)dan chiqargan xulosalarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.
Indoneziyaning ta’lim sohasi uchun yaratilgan rasmiy superilovasi — Rumah Pendidikan g‘olib deb e’lon qilinganida, tabiiyki, faxr va iftixorni tuydim.
Bungacha Indoneziyaning eng yuqori natijasi 2021 yilda JAKI (Jakarta Now) superilovasiga berilgan «chempionlik» maqomi edi.
Indoneziya boshlang‘ich va o‘rta ta’lim vazirligi tomonidan ishga tushirilgan Rumah Pendidikan loyihasi o‘qituvchilar, o‘quvchilar, maktablar, ota-onalar hamda davlat hamkor tashkilotlarini yagona raqamli platformada birlashtirishga qaratilgan.
Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto Rumah Pendidikan qo‘lga kiritgan yutuqni 20 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining yalpi majlisida alohida e’tirof etdi.
Raqamlashtirishdan oddiylik sari
Indoneziya — 17 mingdan ortiq oroldan iborat arxipelag-mamlakat. Bu Indoneziya ta’lim sohasida barcha uchun teng imkoniyatlarni yaratish yo‘lida jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Raqamlashtirish jadal sur’atlarda rivojlanmoqda, ammo mamlakat bu yo‘lda katta jo‘g‘rofiy to‘siq mavjudligini ham doim inobatga olib keladi.
Avvallari indoneziyalik o‘qituvchilar turli vazifalarni bajarish uchun bir nechta ilovadan foydalanishga majbur edilar. Ota-onalar o‘zlariga kerakli xizmatlarni topishda qiynalishardi. O‘quvchilar bo‘lsa ta’lim resurslaridan foydalanish uchun bir platformadan boshqasiga o‘tishiga to‘g‘ri kelardi.
Ya’ni raqamlashtirish amalga oshirilgan, biroq foydalanuvchilar uchun jarayon osonlashmagan edi.
Ana shu pallada men integratsiya — shunchaki turli tizimlarni o‘zaro bog‘lash emas, balki bundan-da ancha keng qamrovli tushuncha ekanini angladim.
Integratsiya, eng avvalo, yillar davomida fuqarolar aziyat chekib kelgan ma’muriy yuklamani kamaytirish demakdir.
Bir xil shakllarni qayta-qayta to‘ldirish, yangi akkauntlar yaratish va o‘sha-o‘sha ma’lumotlarni takroran taqdim etish o‘qituvchilar, ota-onalar va maktablarning qimmatli vaqtini oladi. Vaholanki, bu vaqtni o‘qituvchilar bilim berishga, ota-onalar farzandlariga, maktablar esa ta’lim sifatini oshirishga sarflashi mumkin edi.
Raqamli transformatsiyaning vazifasi — ana shu vaqtni odamlarga qaytarish.
Shuning uchun ham Rumah Pendidikan avvalboshdan oddiy ilova sifatida ko‘rilmadi. U o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar, maktablar va mahalliy davlat boshqaruvi organlari uchun mo‘ljallangan ta’lim xizmatlarini yagona integratsiyalashgan ekotizimda birlashtiruvchi umumiy raqamli makon sifatida yaratildi.
Nega aynan «Rumah»?
«Rumah Pendidikan» («Ta’lim uyi») atamasini birinchi bo‘lib Indoneziya boshlang‘ich va o‘rta ta’lim vaziri, professor Abdul Mu’ti taklif qildi.
Men uchun rumah («uy») so‘zining tanlanishi uni raqamli platforma nomi sifatida qo‘llashdan ko‘ra ancha chuqurroq ma’noga ega.
Uy — bu har bir inson o‘zini qadrlangan his qiladigan, qo‘llab-quvvatlanadigan, kamol topadigan va zarurat tug‘ilganda har doim qaytib kelishi mumkin bo‘lgan maskan.
Keyinchalik bu falsafa vazirlikning raqamli xizmatlari uchun asos bo‘lgan RAMAH korporativ madaniyatida o‘z ifodasini topdi. Uning negizini tezkorlik, hisobdorlik, xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilganlik, moslashuvchanlik va hamjihatlik tamoyillari tashkil etadi.
Bugungi kunda Rumah Pendidikan 66 ta ta’lim xizmatini yagona platformaga birlashtirgan. Uning 6,9 milliondan ortiq foydalanuvchisi bor, platformaga tashriflar soni 67 milliondan oshdi hamda uning faoliyatini 50 dan ziyod strategik hamkor qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Indoneziyaning chegara, olis va qoloq hududlaridagi 104 mingdan ortiq o‘qituvchi mazkur platformadan ta’lim berish va o‘qitish sifatini oshirish maqsadida foydalanmoqda. Mamlakatning 513 ta okrug va shaharlaridagi 339 mingdan ziyod ta’lim muassasasi esa Rapor Pendidikan («Ta’lim hisoboti») tizimidan ma’lumotlarga asoslangan rejalashtirishning asosiy vositasi sifatida foydalanadi.
Maktab ta’limidan — uzluksiz ta’limga
Men guvoh bo‘lgan eng muhim o‘zgarishlar texnologiya bilan emas, balki yondashuvning o‘zgarishi bilan bog‘liq.
Uzoq yillar davomida bizning tasavvurimizda ta’lim deganda faqat maktab, ya’ni maktab binosi va sinfdagi darslar o‘rnashib oldi.
Aslida ta’lim maktab qo‘ng‘irog‘i chalinishi bilan tugamaydi.
Rumah Pendidikanning asosiy maqsadi ta’limni butun umr davom etadigan va istalgan joyda amalga oshishi mumkin bo‘lgan uzluksiz jarayon sifatida shakllantirishga ko‘maklashishdan iborat.
Bu yondashuvda o‘qituvchi ta’lim jarayonining markazida qoladi, texnologiyalar uning o‘rnini egallamaydi, balki eng yaqin ko‘makchisiga aylanadi.
Sun’iy intellekt jadal sur’atlarda rivojlanayotgan bugungi sharoitda mazkur tamoyil yanada ahamiyatlidir.
Sun’iy intellekt o‘qituvchilarga o‘quv materiallarini tayyorlash, o‘quvchilarning o‘zlashtirishini tahlil qilish va ma’muriy ishlar hajmini qisqartirishda yordam berishi mumkin. Biroq o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi mehr-oqibat, ustozlik hamda insonlararo munosabatlarni hech qanday texnologiya almashtira olmaydi.
Shu bois men WSIS Prizes 2026 mukofotini bu yo‘lning yakuni deb hisoblamayman.
Aksincha, ushbu mukofot raqamli transformatsiya faqat yangi ilovalar yaratish yoki zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan cheklanmasligi kerakligini yana bir bor eslatdi.
Qolaversa, shaxsan mening fikrimcha, xalqaro mukofotlar e’tirofning bir shakli, xolos.
Aslida eng muhim ko‘rsatkich — fuqarolarning davlat xizmatlaridan kundalik foydalanish tajribasi.
Ehtimol, oxir-oqibat ta’limdagi raqamli transformatsiyaning chinakam mohiyati juda oddiy narsalarda aks etar. Ajabmaski, o‘shanda odamlar qaysi ilovani ochish, qaysi shaklni to‘ldirish yoki qaysi idoraga murojaat qilish kerakligi haqida bosh qotirmaydi va bor e’tiborini va vaqtinio‘qish, o‘qitish va rivojlanish kabi eng muhim narsalarga sarflay oladi.
Yudhishtira Nugraha
Muallif haqida: Indoneziya boshlang‘ich va o‘rta ta’lim vazirligining Kommunikatsiyalar va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati rahbari. Bungacha 2024–2026 yillarda vazirlikning Ma’lumotlar va axborot texnologiyalari markaziga rahbarlik qilgan, shuningdek, 2019–2023 yillarda Jakarta Smart City («Aqlli Jakarta») loyihasini boshqargan. Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida kiberxavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha falsafa doktori (DPhil) ilmiy darajasini olgan.