Jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan qonun loyihasida raqamli muhitni "sog‘lomlashtirish" hamda onlayn platformalar foydalanuvchilarining faoliyatini tartibga solish borasida aniq mexanizm va tartiblar joriy qilinmoqda.
Quyida 10 ta asosiy o‘zgarish bilan tanishing:
1. Noqonuniy kontentga qarshi kurash
Qonun loyihasining 13-, 15-moddalariga ko‘ra pornografiya, yolg‘on axborot, fishing, zo‘ravonlik kabi noqonuniy kontentni tezkor o‘chirish va tarqalishini to‘xtatishning aniq va shaffof mexanizmlarini joriy qilinadi. Bu foydalanuvchilarni kibertahdidlar, aldamchi saytlar va zararli kontentdan himoya qiladi, xususan, bolalar va yoshlar uchun internetni xavfsizroq qiladi.
2. Shaxsiy ma’lumotlar himoyasi kuchaytiriladi
9-moddaga ko‘ra, onlayn-platformalar foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish, maxfiylik siyosati bilan tanishtirish va ma’lumotlarning noqonuniy tarqalishining oldini olishga majbur. Bunday talab ilk bor qonun darajasida mustahkamlanmoqda. Ma’lumotlar maxfiyligi buzilsa, foydalanuvchi darhol xabardor qilinadi, bu esa shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini oshiradi.
3. Daromad olish imkoniyati kengaytirilmoqda
21-modda foydalanuvchilarga akkaunt ochish, qonun doirasida kontent yaratish va tarqatish, fikrni erkin ifoda etish huquqlarini kafolatlaydi. Bu blogerlar, inflyuenserlar va oddiy foydalanuvchilarga raqamli platformalarda ijodiy va tijoriy faoliyatni erkin yuritish imkonini beradi.
4. Bolalarni zararali axborotdan himoya qilish va nogironlar uchun inklyuziv muhit
7- va 12-moddalar bolalarni zararli kontentdan himoya qilish uchun sun’iy intellekt asosidagi moderatsiya va kontent filtrlarini joriy qilish talablari belgilangan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun onlayn-platformalarga kirish imkoniyatlari yaxshilanadi, bu esa raqamli muhitning inklyuzivligini oshiradi.
5. Blogerlar faoliyatiga oid me’yorlar qayta ko‘rib chiqilmoqda
Xususan, tarqatilayotgan axborotning haqqoniyligini tekshirish; oldindan yolg‘onligi ma’lum bo‘lgan ma’lumotni joylashtirmaslik; izohlar bo‘limini monitoring qilish; o‘zining akkauntida, kanalida yoki ularning izohlar bo‘limida noqonuniy kontentning tarqatilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralari belgilangan.
6. Anonim profillar va kanallar bilan bog‘liq muammolarga yechim taklif etilgan
Qonun bilan inflyuenserlarga o‘zining kontakt ma’lumotlarini barchaga ko‘rinadigan qilib joylashtirish majburiyati yuklatilmoqda. Shu talabni bajarmagan inflyuenserning kanalida reklama berish taqiqlanmoqda. Bunday holatda reklama beruvchi javobgar hisoblanadi.
7. Yolg‘on axborotdan himoyalanish
20-modda yolg‘on axborotni o‘chirish va raddiya e’lon qilish mexanizmlarini belgilaydi. Foydalanuvchilar o‘zlariga nisbatan tarqatilgan yolg‘on ma’lumotlarni tezkor o‘chirishni talab qilishi mumkin, bu ularning obro‘si va sha’nini himoya qiladi.
8. Shikoyat qilish va huquqlarni himoya qilish
10- va 18-moddalar foydalanuvchilarga noqonuniy kontent yoki platformalarning adolatsiz harakatlari yuzasidan shikoyat berish va o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmatini sud tartibida himoya qilish huquqini ifodalaydi. Bu foydalanuvchilarning huquqlarini adolatli himoya qilishni ta’minlaydi.
9. Qonun loyihasida xalqaro standarlar, xorij tajribasi
Germaniyada 2 mln.dan ortiq foydalanuvchiga ega platformalarga noqonuniy kontentni 24 soat ichida o‘chirish majburiyati yuklangan. Fransiya internetda nafrat, terrorizm va bolalar pornografiyasiga qarshi qat’iy choralar ko‘rishni, Turkiya xorijiy IT-kompaniyalarga mahalliy vakil tayinlashni talab etgan. Qozog‘iston blogerlar va platformalar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan huquqiy asosni shakllantirdi.
10. Onlayn platformalarning vakolatli organ bilan hamkorligi
Qonun loyihasiga binoan vakolatli organ bilan tizimli ravishda hamkorlik qilmay kelayotgan onlayn-platformalarga O‘zbekiston hududida kirish tezligini sud qarori asosida pasaytirish nazarda tutilmoqda. Butunlay bloklash amaliyotidan voz kechilmoqda.