Qozog‘iston poytaxti Ostona shahri joriy yilning 3-5-sentabr kunlari raqamli texnologiyalar rivoji va inklyuzivlik masalalariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qildi.
BMTning Osiyo-Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) hamda Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Raqamli inklyuziya va transformatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani vazirlar konferensiyasi” mintaqada raqamli transformatsiyaning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun yuqori martabali vakillarni bir maydonga jamladi.
Konferensiyaning asosiy maqsadlaridan biri raqamli texnologiyalarni jamiyat va iqtisodiyotning barcha qatlamlariga keng joriy etish, kichik va o‘rta biznes korxonalarining raqobatbardoshligini oshirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali ularning sifatini oshirish va inklyuzivlikni ta’minlashdan iborat.
Tadbir doirasida 4-sentabr kuni o‘tkazilgan “Kichik va o‘rta biznes raqobatbardoshligini oshirish uchun raqamli davlat xizmatlari” mavzusidagi konferensiya ham alohida e’tiborga molik bo‘ldi. Mazkur konferensiyada BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va ESCAP ijrochi kotibi Armida Salsiah Alisjahbana, Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiev, Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish vaziri Nuriya Kutnaeva, Tailand Raqamli iqtisodiyot va jamiyat vazirligining doimiy kotibi Visit Visitvora-at kabi bir qator davlatlarning yuqori martabali vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muhitdinov mamlakatimizda raqamli hukumatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar haqida ma’ruza qildi.
Osiyo-Tinch okeani vazirlar konferensiyasi mintaqa davlatlari o‘rtasida raqamli hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va birgalikdagi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.