

Til — nafaqat so‘zlashish vositasi, balki millatning xotirasi, tafakkuri va dunyoni anglash mezonidir. Bugun o‘zbek tilining ertangi kuni kitoblar va ta’lim dargohlaridan internet, raqamli xizmatlar va sun’iy intellekt tizimlariga ham ko‘chdi.
1989-yil 21-oktabr – O‘zbek tili davlat tili maqomini olgan kun. Bu sana xalqning o‘zligini anglash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam, milliy g‘urur va ma’naviy uyg‘onish timsoliga aylanib, O‘zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlanishi belgilandi.
Oradan yillar o‘tdi. Dunyo o‘zgardi, axborot oqimi tezlashdi, inson hayotining katta qismi raqamli makonga ko‘chdi. Endi tilning nufuzi faqat qayerda va qancha odam gapirishi bilan emas, balki qanchalik keng qo‘llanayotgani, zamonaviy texnologiyalar tilida qay darajada “so‘zlay olishi” bilan ham o‘lchanadi.
Til taraqqiyoti — davr bilan hamnafaslik
Bugun inson bir necha soniyada kerakli ma’lumotni topishi, hujjat rasmiylashtirishi, ariza yuborishi yoki davlat xizmatidan foydalanishi mumkin. Ammo bu imkoniyatlardan ona tilida qulay va tushunarli foydalanish ham taraqqiyotning muhim mezonidir.
my.gov.uz — ana shu jarayonning amaliy misollaridan biri. Bugungi kunda portalda 930 dan ortiq xizmat mavjudligi raqamli davlat xizmatlari ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Biroq raqamlar ortida yana bir muhim masala bor: fuqaro xizmatni topa oladimi, shartlarni tushunadimi, yo‘riqnomani ortiqcha yordamsiz bajara oladimi?
Chunki davlat xizmatining raqamlashtirilgani — ishning bir qismi. Uni inson uchun tushunarli, sodda va qulay qilish esa undan kam bo‘lmagan vazifadir. Rasmiy matn murakkab bo‘lsa, eng zamonaviy platforma ham foydalanuvchi uchun qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bois raqamli taraqqiyot haqida gapirganda, texnologiyaning tezligi bilan birga tilning ravonligi, aniqligi va tushunarliligini ham unutmaslik kerak.
Internetda bor til — kelajakda ham bor til
Bugun dunyoda tillarning yangi maydoni shakllanmoqda. Bu maydonda — internet, qidiruv tizimlari, mobil ilovalar, ovozli yordamchilar va sun’iy intellekt ham bor.
Agar til zamonaviy raqamli muhitda yetarlicha qo‘llanmasa, uning imkoniyatlari ham cheklanib qolishi mumkin. Aksincha, sifatli elektron matnlar, raqamli lug‘atlar, ovozli ma’lumotlar va ishonchli til resurslari qancha ko‘paysa, tilning texnologik imkoniyatlari shuncha kengayadi.
O‘zbek tilining raqamli kelajagi ham bugun yaratilayotgan ana shu resurslarga bog‘liq. Sun’iy intellekt o‘zbekcha matnni to‘g‘ri tushunishi, nutqni matnga aylantirishi, matnni ovozli o‘qishi va mazmunni aniq yetkazishi uchun tilimizning boyligi bilan birga, sifatli ma’lumotlar bazasi ham zarur.
Bu faqat dasturchilar yoki tilshunoslarning vazifasi emas. Muharrirlar, jurnalistlar, davlat idoralari, ta’lim muassasalari va kontent yaratuvchilarning har biri bu jarayonga hissa qo‘sha oladi. Zero, bugun yaratilgan har bir sifatli o‘zbekcha raqamli matn ertangi texnologiyalar uchun manbaga aylanishi mumkin.
O‘zbek tilining raqamli makondagi mavqeini mustahkamlash uchun quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Avvalo, sifatli va tushunarli kontent yaratish zarur. Rasmiy axborot, elektron xizmat tavsifi va foydalanuvchi yo‘riqnomalari adabiy til me’yorlariga mos, sodda va aniq bo‘lishi kerak. Murakkab jumla rasmiylik belgisi emas, aksincha fikrni ravshan yetkazish bu mahoratdir.
Yana o‘zbek tiliga xizmat qiladigan texnologiyalar kerak. Elektron lug‘atlar, imlo tekshiruvchilari, nutqni tanish va sintez qilish tizimlari, tarjima vositalari va boshqalar. Xullas, sun’iy intellekt yechimlarini rivojlantirish bugunning ehtiyoji deyish mumkin.
Tilni kundalik raqamli hayotning tabiiy qismiga aylantirish ham muhim. Fuqaro davlat xizmatidan foydalanayotganda ham, bilim olayotganda ham, yangi texnologiyani sinab ko‘rayotganda ham ona tilida sifatli va qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishi lozim.
Bu vazifalar bir-biridan ajralgan emas. Sifatli matn texnologiyani rivojlantiradi, texnologiya esa tilning qo‘llanish doirasini kengaytiradi. Natijada ona tilida bilim olish, axborot topish va xizmatlardan foydalanish osonlashadi.
Tilning kelajagi bugun yaratiladi
Tilni asrash deganda, uni faqat o‘tmish yodgorligi sifatida e’zozlashni tushunmaslik kerak. Balki uni bugungi hayotda faol qo‘llash, yangi tushunchalar bilan boyitish, ilm-fan va texnologiya tiliga aylantirish zarur.
1989-yilda davlat tili maqomi uchun tashlangan tarixiy qadam bugun yangi mas’uliyatni yuzaga chiqaradi: o‘zbek tilini zamonaviy dunyoning barcha muhim maydonlarida munosib namoyon eta olsakgina ko‘zlangan maqsadga erishamiz.
Zero, tilning kuchi faqat tarixida emas, kelajakni yaratish imkoniyatida ham aks etadi. O‘zbek tili internetda, raqamli davlat xizmatlarida va sun’iy intellekt tizimlarida qanchalik faol yashasa, uning yangi avlod hayotidagi o‘rni ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.
Shunday ekan, Ona tilimiz tariximiz iftixori bo‘lib qolish barobarida, raqamli kelajagimizning ham faol tiliga aylansin.
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni barchamizga muborak bo‘lsin!