Joriy yilning 28-noyabr kuni Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida (TATU) talabalar uchun qiziqarli va foydali seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF–158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati talaba-yoshlarga keng tushuntirildi.
Markaz mutaxassislari strategiyaning iqtisodiy, ijtimoiy, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlari yoshlarga yanada tushunarli bo'lishi, qiziqishlarini oshirishi uchun ularni hayotiy misollar bilan boyitib taqdim qilishdi.
Yoshlarni milliy rivojlanish jarayonlariga faol jalb etish, ularning bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazish maqsadida tadbir yakunida qiziqarli savol-javob sessiyasi o‘tkazildi. Unda o'z bilim va faolligini namoyish etgan talaba yoshlar esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Mazkur tadbir yoshlarning kelajakdagi maqsad va vazifalarni tushunib yetishlarida, shuningdek, strategiyaning amalga oshirilishida o‘z hissalarini qo‘shishga bo‘lgan ishtiyoqlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.