Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalarga muvofiq, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangi tahriri ishlab chiqildi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, erishilgan natijalar hamda global va mintaqaviy o‘zgarishlar hisobga olingan holda tayyorlangan ushbu takomillashtirilgan loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Fuqarolar strategiya loyihasi bilan uzbekistan2030.uz hamda regulation.gov.uz platformalari orqali tanishib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirishlari mumkin.
Davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha maqsadlar
Strategiya loyihasida xalq xizmatiga qaratilgan samarali davlat boshqaruvini shakllantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan:
- davlat fuqarolik xizmatida rahbar va mutaxassis lavozimlarini 100 foiz malakaga asoslangan karera modeli orqali tanlov asosida egallash;
- “Edu.bsa.uz” platformasi orqali davlat xizmatchilarining onlayn malaka oshirish qamrovini to‘liq ta’minlash;
- murojaatlarning kamida 80 foizini mahalliy darajada hal etish;
- “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasidan foydalanishni 100 foizga yetkazish;
- ortiqcha byurokratik talablar, jumladan 110 dan ortiq ma’lumot va hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilish;
- davlat xizmatlarining 40 foizini xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Yoshlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida yoshlarning ta’lim olishi, bandligi va intellektual salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan:
- xalqaro imtihonlarda yuqori natija ko‘rsatgan 86 ming nafar yoshlarning xarajatlarini qoplab berish;
- xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha 100 ming nafar yoshni qamrab olish;
- “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 3 million nafar yoshga bepul onlayn til o‘rganish imkoniyatini yaratish;
- har yili 500 nafar iste’dodli yoshni xorijning nufuzli oliygohlariga yuborish;
- yoshlar ishsizligini 11 foizgacha qisqartirish;
- IT sohasida 300 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash;
- “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida har yili 15 ming nafar iqtidorli yoshni tayyorlash;
- “Mutolaa” loyihasi orqali 4,2 million nafar yoshni kitobxonlikka jalb etish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joiz, jamoatchilik muhokamasi jarayonida kelib tushadigan taklif va tavsiyalar strategiyani yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.