O‘zbekiston BMT Davlat Xizmati Forumiga mezbonlik qilmoqda

O‘zbekiston BMT Davlat Xizmati Forumiga mezbonlik qilmoqda

23 iyun 2025

O‘zbekiston tarixida ilk bor davlat boshqaruvi sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri – BMTning Davlat Xizmati Forumi (UNPSF 2025) o‘tkazilmoqda.

Forum 23–25-iyun kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi va Yevropa, Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikadan, jumladan Samoa va Butan kabi kichik davlatlardan rekord miqdorda vazirlar va davlat xizmatiga mas’ul organlar rahbarlarini birlashtiradi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati, xususiy sektor vakillari va innovatsiya yetakchilari ham ishtirok etmoqda.

"2030-yilgacha besh yil: Barqaror kelajak uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatishni jadallashtirish" mavzusida o‘tkazilayotgan forum dasturidan yalpi majlislar, mavzuli muhokamalar, strategik muloqotlar va  ilg‘or amaliyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Maqsad – global muammolar va o‘zgaruvchan sharoitlarda davlat xizmatining rolini qayta ko‘rib chiqish.

Forum BMT Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA), O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Strategik islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etiladi.

Nima uchun bu muhim?

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga atigi besh yil qolganida, samarali, inklyuziv va innovatsion davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Raqamlashtirish, hamkorlik va xizmatlardan teng foydalanishga erishish va “so‘nggi milya”dagi bo‘shliqni kamaytirishga yordam beradigan yangi boshqaruv yondashuvlaridan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston mezbon sifatida

BMT Davlat xizmati forumining O‘zbekistonda o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolatdir. Ular “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy strategik tamoyilga asoslanadi. Bunday yondashuv davlat boshqaruvi tizimini tubdan o‘zgartirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

Islohotlar doirasida mamlakatimizda zamonaviy raqamli ekotizim yaratildi. “Raqamli hukumat” idoralararo integratsiya platformasi 49 ta davlat organlarining 390 dan ortiq veb-xizmatlarini amalga oshiradi, ularga har kuni 216 dan ortiq axborot tizimlari ulanadi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali fuqarolar va tadbirkorlik subektlari 760 dan ortiq elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi.

Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida keng jamoatchilik va professional huquqshunoslar uchun ochiq bo‘lgan sun’iy intellektga asoslangan raqamli yordamchi muvaffaqiyatli joriy etildi.

Rivojlangan 208 ta Davlat xizmatlari markazlari tarmog‘i respublika bo‘ylab ma’muriy xizmatlardan oflayn rejimda foydalanish imkonini beradi.

Erishilgan natijalarning xalqaro e’tirofini reytinglar ham tasdiqlaydi: 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta Elektron hukumatni rivojlantirish reytingining “juda yuqori” darajasiga ega mamlakatlar guruhiga kirdi va GovTech yetuklik indeksida 37 pog‘onaga ko‘tarilib, “A” toifasiga kirdi.

Raqamli transformatsiya barcha asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi – davlat xizmatlaridan tortib elektron moliya, fintech yechimlari, elektron tijorat, fiskal ma’lumotlar tahlili va raqamli iqtisodiyotning boshqa sohalari.

Bu yutuqlar nafaqat raqamli yetuklikning yuqori darajasidan, balki O‘zbekiston o‘z to‘plagan tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligidan dalolat beradi. Mamlakat xalqaro, jumladan, Osiyo va Afrika davlatlari bilan hamkorlikka ochiq.

 Asosiy yo‘nalishlar

Forum rasmiy ravishda bugun, 23-iyun – BMT Davlat xizmati kuni ochildi. Muhim mavzular:

  • Davlat boshqaruvida innovatsiyalar: samaradorlik, shaffoflik va hisobdorlikni oshirishda raqamli vositalar va sun’iy intellekt roli;
  • "So‘nggi milya"ga erishish: barcha aholiga xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha xalqaro tajriba;
  • Islohotlarni tezlashtirish: innovatsion laboratoriyalar orqali boshqaruvni transformatsiya qilish.

 Maxsus tadbirlar

  • Raqamli boshqaruv, barqaror rivojlanish va sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlar bilan yalpi majlislar;
  • Davlat boshqaruvi va ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha interaktiv seminarlar;
  • UN DESA tomonidan elektron hukumat sohasidagi yutuqlari uchun 12 davlatni taqdirlash marosimi;
  • O‘zbekistonning ilg‘or raqamlashtirish loyihalari bilan tanishtiruvchi tashriflar.

Kutilayotgan natijalar

Forumda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida tajriba almashish hamda davlat xizmatlaridan teng va adolatli foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan Samarqand vazirlar deklaratsiyasi muhokama qilinadi.

Shuningdek, raqamli davlat boshqaruvi (GovTech) sohasida yechimlar eksportini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan dasturni ishga tushirish rejalashtirilgan.

BMT Davlat Xizmati Forumi haqida

Forum 2003-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda va unga avvalroq AQSh, Avstriya, Ispaniya, Tanzaniya, Bahrayn, Marokash, Kolumbiya, Ozarbayjon (2019) va Koreya Respublikasi (2024) kabi davlatlar mezbonlik qilgan. Samarqand kelgusida samarali davlat boshqaruvi bo‘yicha navbatdagi xalqaro muloqot maydoniga aylanadi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр