

Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi va IT Park Uzbekistan vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasining Seul shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Global AI & Digital Summit" xalqaro sammitida qatnashmoqda.
Mazkur nufuzli tadbir davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, yirik texnologik kompaniyalar va yetakchi ekspertlarni jamlab, raqamli transformatsiya hamda sun’iy intellektni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishga xizmat qilmoqda.
Sammitning asosiy ma’ruzachilari qatorida Jahon banki guruhi prezidenti Ajay Banga, Jahon banki guruhining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha vitse-prezidenti Sangbu Kim hamda Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Hyoung Il Leelar bor.
Muhokama qilinayotgan asosiy yo‘nalishlar:
Raqamli transformatsiya: Sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali raqamli o‘zgarishlarni jadallashtirish, aholiga qulay raqamli xizmatlar yaratish.
Infratuzilma va kadrlar: Mamlakatlar o‘rtasidagi raqamli tafovutni qisqartirish, mehnat bozoridagi o‘zgarishlarga mos zamonaviy kadrlar tayyorlash.
Xavfsizlik va tartibga solish: Sun’iy intellektni mas’uliyat bilan qo‘llash, xavflarni boshqarish hamda texnologik innovatsiyalar va xavfsizlik o‘rtasida o‘zaro muvozanatni ta’minlash.
O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu xalqaro tadbirdagi ishtiroki ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, raqamli hukumat va sun’iy intellekt sohalaridagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda mamlakatimizda raqamli transformatsiya jarayonlarini yanada tezlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.