O‘zbekiston elektron hukumati delegatsiyasi xizmat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘ldi

O‘zbekiston elektron hukumati delegatsiyasi xizmat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘ldi

20 dekabr 2022

O‘zbekiston Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi direktori Aziz Muxitdinov boshchiligidagi delegatsiya Bokudagi Asan xizmati hamda DOST markazlariga tashrif buyurdi.

Xizmat safari doirasida 15 dekabr kuni “Zamonaviy boshqaruv sari yo‘l: yagona darchadan darchasiz xizmat tomon” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Serbiya, Marokash, Maldiv, Gruziya, Afrika mamlakatlarining davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlari to‘g‘risida ma’lumotlar almashildi. Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasidan Adliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi rahbar va xodimlari ham ishtirok etishdi.

Tadbir davomida mehmonlar Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar davlat agentligi tomonidan tashkil etilgan ASAN xizmati markazining (“ASAN xidmyet”) 10 yillik faoliyati sarhisobi bilan tanishtirildi.

Shuningdek, “DOST” konsepsiyasi mamlakatda davlat ijtimoiy xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida to‘liq shaffof, operativ ko‘rsatishga shart-sharoit yaratgani alohida ta’kidlandi.

Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasiga DOST agentligi haqida taqdimot namoyish etildi. Unda “DOST” konsepsiyasiga yangi texnologiyalarni joriy etish, xizmatlarni elektronlashtirish, “Ixtiyoriy DOST” dasturi, agentlikning rivojlanish istiqbollari yo‘nalishidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topdi.

O‘z navbatida mehmonlar ham O‘zbekiston Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali haqida taqdimot o‘tkazishdi.

Uchrashuvda Markazlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, ikki tomonlama manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumot uchun:

Ozarbayjon Respublikasi 2015 yilda BMTning davlat xizmatlari “United Nations Public Service Awards” mukofoti bilan taqdirlangan.

*ASAN xizmati markazi xodimlarining 51 foizini ayollar tashkil etadi;

*uning tizimida respublika bo‘ylab 24 ta xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan;

*ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari soni 360 tadan ortiq;

*bir kunda markazlarga tashrif buyuruvchilar soni 40 mingdan ortiq;

*3 mingdan ziyod volontyor jalb etilgan;

*“ASAN kommunal”, “ASAN pey”, “ASAN radio”, “ASAN viza” tizimlari ishga tushirilgan.

 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр