Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy va savdo hamkorlik qoʻmitasining (COMCEC) 40-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi rahbari Anvar Mansurov hamda Star of Bosphorus maʼlumotlar markazi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi.
Uchrashuvda bir qator muhim yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, Raqamli hukumat markazi xodimlarining malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar raqamli texnologiyalar va loyihalarni boshqarish sohasidagi mutaxassislar uchun tajriba almashish va oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishga kelishib oldilar. Davlat va xususiy sektor uchun raqamli yechimlarni ishlab chiqish hamda joriy etish boʻyicha kadrlar tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Raqamli infratuzilmani takomillashtirish, jumladan, maʼlumotlar markazlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish, bulutli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha hamkorlikda ishlash istiqbollari ham muhokama qilindi.
Katta maʼlumotlar va axborot xavfsizligi sohasida qoʻshma tadqiqotlar olib borish, yangi yechimlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Ushbu uchrashuv Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.