Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari uchun mobil ilovada maʼlumotlar bazasi yaratiladi

Oʻzbekistonda davlat xizmatchilari uchun mobil ilovada maʼlumotlar bazasi yaratiladi

20 iyun 2025

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekistonda “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi.

 Prezidentning 2025-yil 19-iyun kuni qabul qilingan farmoniga asosan, ushbu platforma davlat xizmatchilarining shaxsiy rivojlanishi, malakasini oshirish va oʻzaro muloqotini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mazkur ilova orqali xodim toʻgʻrisidagi maʼlumotlar — ish faoliyati, kompetensiyalar, shaxsiy rivojlanish rejasi, bogʻlanish uchun telefon raqami, elektron pochtasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari kabi axborotlar bazasi yaratiladi. Shu orqali rahbarlar xodimlar faoliyatini monitoring qilishi, tashabbuslarga munosabat bildirishi va tarmoqlararo muvofiqlashuvni samarali yoʻlga qoʻyishi mumkin boʻladi.
Ilovada davlat xizmatchilarining kompetensiyalari masofaviy tarzda rivojlantiriladi, malaka oshirish boʻyicha statistik maʼlumotlar toʻplanadi. Bu orqali xizmatchilarning bilim va koʻnikmalarini muntazam ravishda yangilash imkoniyati yaratiladi.

Farmonda, shuningdek, har yili 23-iyun — BMTning Davlat xizmati kuni munosabati bilan davlat idoralarida xizmatchilar oila aʼzolari uchun maxsus “oila kuni” (family day) tadbirlari oʻtkazilishi ham belgilab qoʻyildi.

Yana bir muhim jihat — kadrlar siyosati uchun javobgar boʻlgan HR rahbarlari rahbar maslahatchisi maqomiga ega boʻladi. Ular Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va ozod etiladi. 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр