O‘zbekistonda mijozlar tajribasi transformatsiyasi muhokama qilindi

O‘zbekistonda mijozlar tajribasi transformatsiyasi muhokama qilindi

12 dekabr 2025

Bugun, 12-dekabr kuni TBC Suhbat konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat xizmatlari, raqamli mahsulotlar va xususiy sektor amaliyotida mijozlar tajribasini (Customer Experience — CX) yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2026-yilda CX sohasidagi asosiy trendlar yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.

Panel muhokamasi “Davlat xizmatlari mahsulot sifatida: mamlakat miqyosida mijozlar tajribasini shakllantirish” mavzusida o‘tdi. Unda Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DM, Toshkent shahar hokimligi, Payme va Road24 kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.

Suhbat davomida “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” direktori o‘rinbosari Azizbek Xudayev ustuvor yo‘nalishlarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirgi raqamli transformatsiyaning bosh maqsadi raqamli infratuzilmani rivojlantirish; davlat xizmatlarini to‘liq elektronlashtirish; aholining raqamli savodxonligini oshirishdan iborat.

My.gov.uz portalida hozirda 800 dan ortiq xizmat ko‘rsatiladi va 13 mlnga yaqin foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Biroq, ekspertning ta’kidlashicha, bu hali hammasi emas — kelgusi bosqichda davlat xizmatlarining 95 foizini raqamlashtirish vazifasi turibdi.

Asosiy maqsad fuqarolar uchun barcha bosqichlarni qamrab oladigan uzluksiz va proaktiv xizmatlar tizimini yaratish.

Mutaxassis xususiy sektor bilan integratsiya ham davlat, ham tadbirkorlik uchun foydali ekanini qayd etdi.

Banklar, to‘lov tashkilotlari va servislar bilan elektron hamkorlik tufayli:

  • kredit olish jarayonidagi qog‘ozbozlik qisqardi,
  • fuqarolardan talab qilinadigan ko‘plab ma’lumotlar bekor qilindi,
  • my.gov.uz xizmatlarining ayrimlari Payme, Road24 va boshqa ilovalar orqali ham taqdim etilyapti.

Bugungacha Payme ilovasida 30 dan ortiq davlat xizmati joriy etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich kengaytirilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, noyabr oyidan YaTT va o‘zini o‘zi band qiluvchilar uchun yangi raqamli jarayon ishlay boshlagan.

U orqali ro‘yxatdan o‘tish, bank hisob raqami ochish, hisobot va deklaratsiyalarni tayyorlash kabi imkoniyatlar yagona platformada taqdim etilmoqda.

Paynet’ning yangi ilovasi orqali 35 mingga yaqin YaTT ushbu xizmatlardan foydalanmoqda.

TBC Suhbat konferensiyasidagi muhokamalar O‘zbekistonda davlat xizmatlari va xususiy sektorda CX standartlarini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘lida aniq qadamlar belgilanganini ko‘rsatdi.

Raqamli infratuzilma, integratsiya va proaktiv xizmatlar kelgusi yillarda raqamli hukumat strategiyasining asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Konferensiyaning video translyasiyasini ushbu havola orqali ko‘rishingiz mumkin.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр