

2027-yildan boshlab barcha 25 ta pensiya xizmatini elektron va proaktiv shaklga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Bu jarayonda sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan Call-markaz va «Pensiya» mobil ilovasini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Mobil ilova orqali fuqaro yagona pensiya profilini shakllantirib, o‘zining ish staji, to‘langan ijtimoiy solig‘i va kelgusida olishi mumkin bo‘lgan pensiyasi haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ish stajidagi kamchiliklar aniqlangan taqdirda, fuqaroga bu haqda oldindan xabar berish imkoniyati yaratiladi.
Ayni paytda Pensiya jamg‘armasi tomonidan ko‘rsatiladigan 25 ta xizmatning 7 tasida qog‘oz hujjatlar va inson aralashuvi saqlanib qolgan. Shuningdek, ish haqi va mehnat staji ma’lumotlarini raqamlashtirish hamda idoralararo ma’lumot almashinuvini takomillashtirish zarurligi qayd etilgan.
Yangi tizim joriy etilsa, fuqarolar pensiya xizmatlaridan qog‘oz hujjatlarsiz va idorama-idora yurmasdan foydalanishi, jarayonlarni esa elektron shaklda kuzatib borishi mumkin bo‘ladi.