O‘zbekistonda UNU-EGOV tashabbusi ishga tushirildi

O‘zbekistonda UNU-EGOV tashabbusi ishga tushirildi

25 iyun 2025

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Davlat xizmati forumi doirasida Sun’iy intellekt (SI) davrida davlat xizmatlarini isloh qilish masalalari keng muhokama qilindi.

Mazkur sessiyada so‘nggi yillarda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalarining o‘rni va salohiyati asosiy e’tibor markazida bo‘ldi. Hukumat va xususiy sektor vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda ilmiy doiralar vakillarini birlashtirib, davlat institutlari faoliyatida SI’dan qanday samarali foydalanish mumkinligi yuzasidan fikr almashish uchun muhim maydonga aylandi.

Panel ishtirokchilari SI’ning xavfsiz va adolatli qo‘llanilishini ta’minlash uchun algoritmik tarafkashlik, ma’lumotlar maxfiyligi, inson huquqlariga hurmat, hisobdorlik va shaffoflik kabi muhim prinsiplarni ilgari surish zarurligini ta’kidladilar. Xususan, davlat qarorlaridan ta’sirlangan fuqarolarning murojaat qilish huquqi, tushuntirish va bahslashish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilishi zarur ekani qayd etildi.

Shuningdek, sessiyada davomida UNU-EGOV tashabbusi ishga tushirilgani ham e'lon qilindi. Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etib, nutq so'zladi.

"Birlashgan Millatlar Tashkiloti Universiteti — UNU-EGOV bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotganimizdan mamnunmiz. Ushbu hamkorlik elektron boshqaruv sohasida zamonaviy ilmiy-tadqiqotlarni olib borish, amaliy qo‘shma loyihalar, shuningdek, mutaxassislarimiz salohiyatini oshirish va ularni tayyorlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Ma’lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida mintaqaviy hamkorlikni doimiy ravishda ilgari surib kelmoqdalar.

Shuningdek, UNU-EGOV bilan strategik hamkorlikda yo‘lga qo‘yilayotgan Markaziy Osiyo Raqamli hukumat forumi mintaqadagi barcha davlatlar hukumatlari uchun ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish va, eng asosiysi, fuqarolar hamda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.

Birlashgan Millatlar Universitetiga minnatdorchiligimizni bildiramiz va bu hamkorlik mintaqa xalqlari uchun haqiqiy foyda keltirishiga chin dildan ishonamiz", — dedi vazir nutqi davomida.
 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр